Poytaxtimizdagi Shaxmat akademiyasi majmuasida o‘tkazilayotgan “Prezident kubogi-2024”ning 5-tur o‘yinlarida qayd etilgan natijalardan so‘ng Javohir Sindorov 4,5 ochko bilan yetakchiga aylanib oldi.
Ushbu turda Ortiq Nigmatov – Nodirbek Abdusattorov va Murali Kartikeyan – Sarin Nixal qarama-qarshiligidagi bahslarda murosa yo‘li tanlangani, Javohir Sindorov – Ivan Zemlyanskiy kurashida hamyurtimizning g‘oliblikka erishishi natijasida Sindorov “A” guruhida peshqadamga aylanib oldi.
Bugun, 26 noyabr kuni nufuzli musobaqaning 6-turida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov “dueli” “Prezident kubogi-2024”ning markaziy o‘yini sifatida e’tibor markazida bo‘ladi.
Shuningdek, eronlik Amin Tabatabai – Ortiq Nigmatov, Saparmurat Atabayev(Turkmaniston) – Sarin Nixal(Hindiston), Vitaliy Bernadskiy – Saxa Nilash(Hindiston) bellashuvlari da’vogarlarning keyingi imkoniyatlarini belgilab berishi bilan e’tiborlidir.
Mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat turnirda 1 nafar shaxmatchi 4,5, 8 nafari 4, 12 nafari 3,5 ochko jamg‘argan.
Eslatib o‘tamiz, 29 noyabrga qadar davom etadigan “Prezident kubogi-2024”ning “A” guruhida 120 nafar, “B” guruhida 132 nafar shaxmatchilar g‘oliblik uchun dona surmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA