Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasida adabiyot kunlari doirasida “Adabiyotlar do‘stligi – xalqlar do‘stligi” mavzusida ma’naviy-adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi hamda “Sharq yulduzi” va “Zvezda vostoka” jurnallarining 90 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kengesboy Karimov ishtirokchilarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi bilan tabrikladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashur, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, “Amudaryo” jurnali bosh muharriri Xalila Davlatnazarov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Allanazar Abdiyev davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallarining adabiy hayotimizda tutgan o‘rni, o‘zbek-qoraqalpoq adabiy aloqalari rivojida jurnalning xizmati hamda ushbu nashrning kelajakdagi rejalari haqida so‘zladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘zbek tilida nashr etilgan qoraqalpoq adabiyoti namunalari – Kengesboy Karimovning “Og‘abiy” romani, Uzoqboy Pirjanovning “Xazonrezgi” qissalar va hikoyalar to‘plami, Baxtiyor Genjamurodning “Yurakning olovli osmoni”, Sog‘inboy Ibragimovning “Yo‘l o‘rtasi” she’riy to‘plamlari, shuningdek, taniqli adib G‘afur Shermuhammadning Qoraqalpog‘iston va Mo‘ynoqdagi bunyodkorlik ishlar mavzusidagi “Mardu maydon” kinoqissalar va hikoyalar to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markaziga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yangi badiiy asarlardan iborat kitoblar sovg‘a qilindi.
Adabiyot kunlari doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri