Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar iqtisodiyot va tashqi savdo faoliyati uchun mas’ul vazirlar yig‘ilishi boshlandi, deb xabar beradi “Kabar” axborot agentligi.
Uchrashuvda ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi qoidalariga amal qilinishi masalasi ko‘rib chiqilmoqa. Tadbir davomida biznes va sarmoyaviy sheriklikning hozirgi holati va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli yuzasidan ham fikr almashiladi.
Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev anjumanning dolzarb kun tartibi SHHT maydonida savdo-iqtisodiy aloqani yanada kengaytirish, sarmoyaviy salohiyatni oshirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samarali qarorlar, chora-tadbirlar qabul qilishni taqozo etishiga urg‘u berdi.
“SHHT maqsadini samarali ilgari surish, uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, jumladan qisqa muddatli inqirozga samarali javob berish nuqtai nazaridan ishni faollashtirish muhim”, dedi u.
Oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha xalqaro transport yo‘laklari faoliyati buzilishi, energiya narxi oshishi bilan bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Muloqotda tovarlarni uzluksiz yetkazib berish uchun xalqaro transport-logistika tizimini takomillashtirish, raqamli savdo bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu kelajakda savdo tartib-qoidasini soddalashtiradi.
Ishtirokchilar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish borasida ham aniq takliflar bildirildi.
O‘zA