Agar Qorabog‘dagi noqonuniy qurolli tuzilmalar qurollarini tashlamaganda edi, Ozarbayjon harbiy amaliyotni “oxirigacha davom ettirgan bo‘lardi”, deb bayonot berdi Prezident Ilhom Aliyev. Ta’kidlanishicha, Qorabog‘ning tan olinmagan hukumati chorshanba kuni ertalab Boku shartiga rozi bo‘lgani haqida xabar bergan.

– Ularga aytganmiz, so‘zimiz jiddiy, agar shartimiz qabul qilinsa, biz shubhasiz harbiy harakatni to‘xtatamiz, – dedi Aliyev millatga qilgan murojaatida. – Afsuski, qarama-qarshi tomon o‘t ochishni butunlay to‘xtatmadi va shundan keyin ham hududlarimiz o‘qqa tutildi.

Ozarbayjon yetakchisi ma’lum qilishicha, armanlarning noqonuniy tuzilmalarini qurolsizlantirish va hududdan olib chiqish jarayoni allaqachon boshlangan. Avvalroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan suhbatda Aliyev Qorabog‘dagi amaliyotni to‘xtatish shartini ma’lum qilgan:

– Shartimiz bjarilmaganda biz oxirigacha borgan bo‘lardik. Raqib kuchimizni, qat’iyatimizni yaxshi biladi. Endi Armaniston rahbariyati Qorabog‘ Ozarbayjon hududi ekanini tushunib yetdi.

Ma’lumki, Ozarbayjon Qorabog‘da konstitutsiya tartibini tiklash uchun 19 sentyabr kuni mahalliy xususiyatga ega aksil terror tadbir boshladi. Yerevan ushbu voqeani bosqinchilik, deb atab, Qorabog‘da Armaniston harbiy bo‘linmalari yo‘qligini ta’kidladi. Oradan bir kun o‘tib Rossiya vositachiligida Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tinchlik o‘rnatish sharti orasida arman tuzilmalarini qurolsizlantirish va hududdan og‘ir texnikani olib chiqish bandlari ham bor. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Prezident Ilhom Aliyev Armaniston rahbariyatining Qorabog‘dagi vaziyatga nisbatan tutgan pozitsiyasiga ijobiy baho berib, Boku bilan Yerevan o‘rtasida tinchlik bitimini imzolashga umid uyg‘onganini ta’kidlagan:

– Yerevanning kecha va bugun namoyish qilgan pozitsiyasi Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mavjud muammolar hal qilinadigan, tinchlik shartnomasi imzolanadigan kun uzoq emasligiga umid uyg‘otmoqda. Endi uch Kavkaz orti mamlakati uch tomonlama tartibda hamkorlik qila boshlaydi. Boku do‘q-po‘pisa tili orqali muloqotni qabul qilmaydi.

O‘zA