Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning o‘tgan davrida 43 ming 122 gektar tomorqada ertaki ekin yetishtirildi. Ulardan 19 ming 735 gektari sabzavot, 5 ming 593 gektari poliz, 6 ming 487 gektari kartoshka, 3 ming 242 gektari dukkakli ekinlardan iborat.Bu maydonlardan samarali foydalanish uchun 20 ming 363 gektar takroriy ekinlar parvarishlandi.
Bu haqida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. Haitov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ishchi guruh bilan borganda ma’lum qilindi.
Tashrif doirasida Beruniy tumanidagi bir qator mahallalarda uchrashuvlar tashkil etildi. Misol uchun “Turon”, “Shabboz” va “Ibn-Sino” MFYda tomorqa egalariga ochiq dalada piyoz, sarimsoqpiyoz, issiqxonalarda pomidor va bulg‘or qalampiri yetishtirish, tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va sotishni yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kredit hisobidan dala do‘koni va muzlatkichli omborxona qurish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ishchi guruhi tumandagi “Shobboz” ovul fuqarolar yig‘inidagi namunali tomorqa yer egasi Erkaboy Sultonov xonadonida bo‘ldi.
– Bizda suv masalasi qiyinligidan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishga ko‘p ham qiziqmas edik, –deydi Erkaboy Sultonov. – Lekin, bu yil unday bo‘lmadi. Biz ikki sotix yerda piyoz, ikki sotixda sarimsoqpiyozni tajriba uchun ekdik. Negaki, endi bizda kichik hajmli artezian quduq bor. Uni qazish va ishga tushirish uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi subsidiya berdi. Buning evaziga nafaqat biz, balki, qo‘ni-qo‘shnilarimiz ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni boshladi.
Ishchi guruhi tomorqa yer egalari yetishtirgan qovunni qishda sotish uchun qanday tartibda saqlayotganini ko‘rdi. Xonadonlarda yetishtirilgan bu qovunlar nafaqat tumandagi, balki qo‘shni viloyatlarga ham yetkazib berilayotgani tahsinga loyiq. Misol uchun, N.Tanibergenovning omborxonasida 60 ming dona qovun, qishda aholiga yetkazib berish uchun saqlanmoqda.
– Biz tumandagi ko‘plab xonadonlarda bo‘ldik, ularning qiziqishlari, rejalari va muammolari bilan tanishdik, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. Haitov. – Misol uchun, “Birlik” mahallasida chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan Hamid Jumamurodov xonadonida bo‘lganimizda naslli chorva mollari parvarishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Xonadon egasi kelgusida chorva bosh sonini yanada ko‘paytirish maqsadida kredit olish istagini bildirdi. “Shabboz” mahallasida ochiq elektron tanlov orqali dehqon xo‘jaligi tashkil etgan fuqarolarning ijara yerlari holati bilan tanishdik. 10 ta yangi tashkil qilingan dehqon xo‘jaligi 1,2 gektarda pomidor, lavlagi, sabzi yetishtirgan bo‘lib, hosil yig‘ilmoqda.
Ishchi guruhi tumandagi “Tomorqa xizmati”da mavjud asalari qutilari va ularning aholiga yetkazib berish jarayoniga ham guvoh bo‘ldi. Ayniqsa, namunali tomorqa yer egasi Erkin Allanov tomorqasida tashkil etilgan ikkita bir sotixlik issiqxona ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi. Xonadon egasiga qulupnay ko‘chatlari va mevasini yetishtirish borasida tavsiyalar berildi. Agarda bu ekin bu hududda ommalashtirilsa, daromad hajmi yanada oshishi tushuntirildi.
Ayni vaqtda hudud aholisi yetishtirgan mahsulotlarining ortganini bozorga chiqarmoqda. Ro‘zg‘or ham, shahardagi bozorlar ham to‘kin. Binobarin, oziq-ovqat xavfsizligi global muammoga aylanib, yashillik olami kamayib, iqlim o‘zgarib borayotgan shu kunlarda mehnatkash qishloq odamlarining bugungi sa’y-harakati tahsinga loyiq.
N.Bozorova, O‘zA