Nukusda “Orol dengizi mintaqasida barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) mahalliylashtirish” mavzusida qo‘shma seminar bo‘lib o‘tdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, barqaror rivojlanish maqsadlari lokalizatsiyasi deganda barqaror rivojlanish maqsadlarini hududiy darajada amalga oshirish jarayoni tushuniladi. Bu ularni mahalliy ehtiyojlarga moslashtirish orqali mas’uliyat va faollikni oshirishga yordam beradi. Shuningdek, ma’lumotlarni yig‘ish va monitoring tizimlarini yaxshilaydi hamda manfaatdor tomonlarning ishtirokini rag‘batlantiradi.
Tadbirda, shuningdek Orol dengizi bo‘yicha Trast jamg‘armasi tomonidan 2023 yilgacha bo‘lgan Orol dengizi ehtiyojlarini baholash natijalari taqdim etildi. Unda joriy yil boshida o‘tkazilgan keng qamrovli tadqiqotda aniqlangan barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hayotiy aloqalari ko‘rsatildi.
Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi doirasida birgalikdagi sa’y-harakatlar beshta mintaqada sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga, asosiy infratuzilmani isloh qilishga, qishloq jamoalarini raqamlashtirishga, ish o‘rinlari yaratish va ularning daromadlarini oshirish orqali yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlashga yordam berganligi qayd etildi.
Orol dengizi mintaqasi hozirgi va kelajak avlodlarga foyda keltiradigan samarali iqlim o‘zgarishi innovatsiyalarini joriy etish hududiga aylanishi kerak. Bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish dolzarb masalalar va ularni hal qilish yo‘llari to‘g‘risida xabardorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Orol dengizi inqirozi bilan bog‘liq ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarga javoban 2018 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Norvegiya hukumati, Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Koreya Respublikasi, Germaniya hukumatlari va “Alwaleed Philanthropies” xayriya jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda Orol dengizi bo‘yicha Trast jamg‘armasi tashkil etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining FAO, BMTTD, YUNICYeF, YUNFPA, JSST, YUNOPS, YUNODC va YUNESKO kabi sakkizta ishtirokchi tashkilotlarining turli qo‘shma dasturlari doirasida BMT barqaror qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni tiklashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirdi.
– 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibini amalga oshirishning ushbu oraliq bosqichida mavjud muammolarni hal qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishimiz kerakligi aniq, – deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal Bryus. – Majburiyat, hamkorlik va o‘zgartirish choralarini sezilarli darajada oshirmasdan, biz barqaror rivojlanish maqsadlariga, jumladan, qashshoqlikni kamaytirish, tengsizlikning oldini olish va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi muhim maqsadlarga erisha olmasligimiz xavfi bor.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari R.Saparbayev ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA