Biz hayotimizni suvsiz tasavvur qila olmaymiz, chunki yashashimizning asosiy qismi suvga bog‘liq. So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish va ularni muhofaza qilish borasida mukammal tashkiliy-huquqiy asoslar shakllantirildi, suvga oid xalqaro hujjatlar qabul qilindi. Ayniqsa, sohaga oid qabul qilingan farmon va qarorlar mamlakatda suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, keyingi yillarda suv resurslaridan samarali foydalanish, ushbu resurslarni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilinib, beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan.

Xususan, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalqqa xizmat qilishi shart bo‘lgan adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi g‘oyalar aks etgan. Farmonning o‘z vaqtida qabul qilinganligi barcha yo‘nalishlardagi ishlarni butunlay yangi bosqichga olib chiqishi bilan g‘oyatda ahamiyatli. Mazkur hujjatda yangi g‘oya va tashabbuslar barcha aholi tomonidan bildirilgan taklif, fikr-mulohazalar bilan umumlashtirilishi hamda takomillashtirilishi hisobiga o‘z aksini topdi.

Aynan strategiyaning uchinchi yo‘nalishida yurtimizda suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydoni 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish bilan bog‘liq vazifalarga alohida e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish natijasida sug‘oriladigan yer maydonlarida sho‘rlangan maydonlarni 1,7 million gektargacha, kuchli va o‘rta sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 430 ming gektargacha, yer osti suv sathi muammoli holatda bo‘lgan yer maydonlarini 773,4 ming gektargacha kamaytirish belgilangani ham yurtimizning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Strategiyada Tuyamo‘yin suv ombori hajmini qo‘shimcha 1 milliard kub metrga kengaytirib, 1,2 million gektarda suv ta’minotini yaxshilash va ichimlik suvi zaxirasini yaratish, nasos stansiyalaridagi eskirgan 1069 nasos va 1079 elektrodvigatel energiya tejamkorlariga almashtirilishi ham uzoqni ko‘zlab qilinayotgan eng to‘g‘ri va oqilona qarordir.

Muxtasar qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sag‘indiq Turmanov,  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni  

qisqartirish va bandlik vaziri,  

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi  

Kengashi raisi  

O‘zA