Nukusda Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligiga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari B.Otemuratov, O‘zbekiston Adliya vazirligi vakili J.Boboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri E.Tursunov va boshqalar so‘zga chiqib, zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazorat qilish va ijrosini tekshirish shakllarini takomillashtirish, talabchanlikni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari hamda hududlar hokimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni chuqurlashtirishni ta’minlash, respublikani barqaror hamda jadal rivojlantirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy hamda nazorat faoliyatining shakllari, uslublari takomillashtirilmaganligi, qabul qilinayotgan hujjatlarning mazmuni va ahamiyati mansabdor shaxslar tomonidan yetarli darajada o‘rganilmayotganligi, shuningdek, ushbu hujjatlarni aholi va keng jamoatchilik o‘rtasida tushuntirish hamda targ‘ib qilish ishlari yetarli darajada emasligi qayd etildi.
Ushbu muammolarni bartaraf etishda davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni hamda 2021 yil 31 maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘quv seminarida ushbu farmon va qarorning mazmun-mohiyati va ularning ijrosi, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyatining ijobiy tomonlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Tadbir ishtirokchilarining bu boradagi savollariga batafsil javob berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri