AQSH Prezidenti Jo Bayden Vetnam Kommunistik partiyasi Bosh kotibi Nguyen Fu Chong taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan mazkur sotsialistik respublikada bo‘lib turibdi.

“Tien Phong” nashri xabariga ko‘ra, Amerika yetakchisi Xanoyda Prezident Vo Van Txiong va Bosh vazir Fam Min Chin bilan uchrashgan.

Matbuot anjumanida berilgan bayonotga qaraganda, Qo‘shma Shtatlar Hind-Tinch okeani mintaqasida “barqaror bazalar” yaratmoqchi, ammo bu harakat Xitoyni ixotalashga qaratilmagan.

Bayden qayd etishicha, Vashington Pekinni izolyatsiya qilish, Xitoyga zarar yetkazishga urinmayapti.

– Men XXR bilan samimiy ruhda to‘g‘ri munosabat o‘rnatilishi tarafdoriman, – dedi u. – Xitoy ham savdo va boshqa masalalarda ayrim qoidalarini o‘zgartirmog‘i lozim.