Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Gennadiy Arzumanov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir yakunlandi.

Musobaqaning langar cho‘pga tayanib sakrash bahsida Jasmina Mansurova 3,50 balandlikni zabt etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Dilshoda Usmonova 3000 metrga to‘siqlar osha yugurishda qizlar o‘rtasida birinchi bo‘lib marraga yetib keldi. Erkaklar o‘rtasida ushbu masofada Vohid Iskanderov g‘olib bo‘ldi.

400 metrga to‘siqlar osha yugurishda ayollar o‘rtasida Nurxon Ochilova, erkaklar o‘rtasida Dilshodbek Boboqulov oltin medal sohibiga aylandi.

Bosqon uloqtirishda Zarina Nosirjonova, balandlikka sakrashda Svetlana Radzivilga teng keladigani topilmadi. Uch hatlab sakrashda Ivan Denisov 16,39 natija bilan g‘olib chiqdi. Ayollar o‘rtasida esa iqtidorli sportchimiz Sharifa Davronova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA muxbiri