Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining superliga va proligada faoliyat yuritadigan hakamlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda xatoliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator mutaxassislarga tegishli choralar ko‘rildi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari, hakamlar komissiyasi vakillari, instruktorlar, va nazoratchilar ishtirokida o‘tgan yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi.
Oxirgi tur uchrashuvlarda hakamlar tomonidan qayd etilgan xato va kamchiliklar tahlil qilindi va ayrimlariga ogohlantirish berildi. Xatoga yo‘l qo‘ygan mutaxassislar quyi ligalarga tushirildi.
– Assotsiatsiya tomonidan futbolni rivojlantirish, hakamlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda, — dedi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov. — Biroq, keyingi paytlarda aynan hakamlik bilan bog‘liq vaziyatlar sababli muxlislarda e’tirozlar bo‘layotgani sir emas. Yuqori saviyaga ega hakamlarni tayyorlash assotsiatsiyamizning asosiy vazifasi sanaladi. O‘z bilim va ko‘nikmalari ustida doimiy ishlab boradigan hakam VAR yordamisiz uchrashuv tizginini nazorat qila oladi. Aynan shunday yondashuv orqali chempionatga bo‘lgan ishonch va qiziqish kuchayadi. Ushbu vazifalarni to‘liq anglay olmayotgan, mas’uliyatsiz hakamlarning faoliyati doimiy tarzda qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon maydonda sifatli hakamlik qiladigan mutaxassislar bilan ishlaymiz. Ularning xalqaro darajaga chiqishi yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.
Seminarda tajribali ekspertlar tomonidan tayyorlangan videoroliklar yordamida bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Xatolar ko‘rsatib o‘tilib, kamchiliklarni bartaraf etish, uchrashuvlarda asosan nimalarga ahamiyat qaratish zarurligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA