Samarqandda joriy yil 16 avgust kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining yig‘ilishi hamda Turkiy dunyo tibbiyot kongressi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, Ozarbayjon Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Teymur Musayev, Qozog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Ajar Giniyat, Turkiya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja, Qirg‘iz Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Tilek Mamadaliyev, shuningdek, Tatariston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Marsel Minnullin ishtirok etdi.

Tadbirlarning tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi.

Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkilotining xalqaro nufuzi oshib, unga a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida turli sohalarga oid ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.

Tibbiyot sohasidagi hamkorlik tashkilotga a’zo davlatlar aholisiga yuqori sifatli, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bu yo‘nalishda davlatlarning bir-birini qo‘llab-quvvatlash, ko‘maklashishga asoslangan hamkorligi natijasida tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi yuksalmoqda.

Kongressda sog‘liqni saqlash vazirlari so‘zga chiqib, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, o‘z mamlakatlarida tibbiyot sohasida erishilayotgan natijalar haqidagi fikrlarini bildirdi. Yangi tashabbus va g‘oyalar o‘rtaga tashlandi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov mazkur tadbirlarning Movarounnahr zaminida tug‘ilib o‘sgan tib ilmining sultoni, zamonaviy meditsina asoschisi, buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino tavallud kunida o‘tkazilayotgani tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Zero, alloma ajdodimizning bundan ming yil avval kasalliklarni aniqlash, davolash va ularning oldini olish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari bugun ham o‘z ahamiyati, qadr-qimmati va dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Bunga butun insoniyat takror-takror guvoh bo‘lmoqda.

– Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari boshlangan, – dedi A.Inoyatov. – Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi 7 yilda tizimni isloh etish bo‘yicha 200 dan ziyod huquqiy hujjat qabul qilindi. Tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori olti barobarga oshirilib, salkam 30 trillion so‘mni tashkil qilmoqda. Davlat tomonidan bepul ko‘rsatiladigan “kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi” eng ko‘p uchrayotgan kasalliklar va murojaatlardan kelib chiqqan holda shakllantirildi. Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidagi uch mingdan ortiq tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi yangilanib, tibbiy xodimlar salohiyati oshib bormoqda. Birlamchi tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish maqsadida birgina 2022 yilda 136 poliklinika va 1300 mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, ularning soni 2086 tadan 3522 taga yetkazildi. Natijada 4,5 million nafar aholiga birlamchi tibbiyot yaqinlashtirildi. 25 ixtisoslashtirilgan markaz va ularning 14 hududdagi filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik operatsiyalar viloyatlar, hatto tumanlar darajasida muvaffaqiyatli bajarilishi yo‘lga qo‘yildi. Hukumat kafolati ostida yurtimizda tibbiyot sohasi bo‘yicha umumiy qiymati 877 million AQSH dollariga teng 11 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda tibbiy ta’lim to‘liq transformatsiya qilinmoqda. Tibbiyot mutaxassislariga qo‘yilgan amaldagi talablar xalqaro standartlar darajasida qayta ishlab chiqilyapti hamda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (litsenziyalash)ning huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Kongressda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi, a’zo davlatlar va Tatariston sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbariyati “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston – Turkiya tibbiyot forumi o‘tkazildi. Unda ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari, tizim mas’ullari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, yetakchi davolash-profilaktika muassasalari, xususiy klinikalar, farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari va olimlar ishtirok etdi.

Hozirgi paytda O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida amaldagi memorandum mavjud. Unga muvofiq, 2019 yil dekabr va 2022 yil mart oylarida Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri yurtimizga tashrif buyurdi, 2019 yilda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalari bo‘yicha birinchi O‘zbekiston – Turkiya forumi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda Turkiya tomonidan an’anaviy ravishda “Sog‘liqni saqlash haftaligi” tashkil etib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida oftalmologiya, kardiologiya, ginekologiya, LOR, umumiy jarrohlik va urologiya yo‘nalishlari bo‘yicha shifokor maslahatlari, operatsiyalar va treninglar o‘tkazildi.

Qardosh mamlakat ko‘magida O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi perinatal markazlari va tug‘uruq majmualari zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Turkiyaning Bashkent universiteti rektori, Jahon transplantologlari jamiyati prezidenti Mehmet Xaberal boshchiligida ilk bor kichik yoshli bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

Turkiya Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasida imzolangan shartnoma doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida tibbiyot fanlari fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Yaqinda Toshkent shahrida faoliyatini boshlaydigan Hamshiralar akademiyasida Sog‘liq bilimlari universitetining hamshiralik ishi fakultetini ochish rejalashtirilgan.

Turkiya tomoni O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimining transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash, sohada axborot tizimlarini joriy etish, shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatini Turkiya modeli asosida tashkil etish, tibbiy sug‘urta tizimini yo‘lga qo‘yish, soha kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni ro‘yobga chiqarish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Forum yakunida ikki davlat tibbiyot muassasalari, sohaga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari va ularning klinikalari, xususiy sektor korxonalari va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilib, memorandum hamda hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Turkiy davlatlar tashkiloti sog‘liqni saqlash vazirlarining uchrashuvida vazirlar tomonidan hamkorlikning istiqbollari yuzasidan muhim takliflar bildirildi. Jumladan, O‘zbekiston tomoni tashkilotga a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qardosh davlatlar tibbiyot oliy ta’lim muassasalari aloqalarini mustahkamlash, Turkiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari assotsiatsiyasini tuzish, tashkilotga a’zo davlatlarning tibbiyot sohasida berilgan diplomlari o‘zaro tan olinishini ta’minlash, Turkiy davlatlar tibbiyot forumini o‘tkazish bilan bog‘liq takliflarni ilgari surdi.

Xalqaro tadbir doirasida tibbiyot ko‘rgazmasi tashkil etildi.

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri