Bugun – 2023 yil 4 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qirq uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda. Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borilmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.  Unda bir qator qonunlar hamda boshqa masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Majlisda “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”, “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”, “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlar qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.

Yalpi majlis joriy yilning 4-5 avgust kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yalpi majlisda ko‘riladigan barcha masalalar haqida saytimizda yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!

 

N.Abduraimova,  

O‘zA