Bugun, 1 avgust kuni Xitoyda davom etayotgan Butunjahon Universiada o‘yinlarida mamlakatimizning 25 nafar sportchi-talabasi dzyudo, tennis, ushu, taekvondo, yengil atletika sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etadi.

Dzyudochilarimiz jamoaviy bahslarda medallar uchun kurash olib borsa, tennischilarimiz Maksim Shin va Sergey Fomin avstraliyalik Vichenzo Finangnon va Joshua Masvell Charlton bilan, Fayzullo Mirzaganiyev va Aliya Musabekova Kolumbiya jamoasi a’zolari Torres Gonzalez va Xamiyes Padilla juftliklari bilan 2-tur o‘yinlarida kuch sinashadi.

Ushu musobaqalarida Muhammadali Yuldashev turkiyalik Nusret Altunkaya bilan 1/8 finaldan bahslarga kirishadi.

Taekvondochilarimizdan Amirbek To‘rayev, Shuhrat Salayev, Madinabonu Mannopova, Ozoda Sobirjonova, yengil atletikachilarimizdan Farida Soliyeva, Sayina Hoshimova, Xushnoza Shavkatova va Malika Nasriddinova Universiada o‘yinlaridagi ishtirokini boshlashadi.

O‘yinlar doirasida mamlakatimiz sport delegatsiyasi rahbarlari — O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston Talabalar sporti assotsiatsiyasi raisi Jasur Akramov Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi prezidenti Leons Eder bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida mamlakatimizda talabalar sportini rivojlantirishga berilayotgan alohida e’tibor xususida so‘z yuritilib, 2025-2026 yillar Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan jahon chempionatlari va Universiada o‘yinlariga bag‘ishlangan forum va assambleya tadbirlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Ma’lum bir kelishuvlarga erishildi.

Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga to‘xtaladigan bo‘lsak, yurtimiz sportchilari bugungacha 3 ta kumush, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan holda 100 dan ziyod davlatlar orasida umumjamoada 19-o‘rinda bormoqda.

Medallar jamg‘arishda Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya jamoalari yetakchilik qilmoqda.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA