Yaponiya yetti yo‘nalishda harbiy xarajatni bir necha barobar oshiradi, deyilgan mamlakat mudofaa vazirligi har yili e’lon qiladigan “Oq kitob”da.
Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, kun chiqar yurt mudofaa qobiliyatini kuchaytiradigan yetti asosiy yo‘nalishga keyingi besh yil 43,5 trillion iyena (322,2 milliard dollar) ajratmoqchi. Joriy besh yillik, ya’ni 2019-2023 yillar uchun 17,2 trillion iyena (127,4 milliard dollar) sarflangan.
Kuchaytirilishi zarur yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilayotgan uzoq masofadan dushmanni mahv etadigan raketalar ishlab chiqarishga 37 milliard dollar yo‘naltiriladi. Oxirgi besh yil ayni maqsadga 1,48 milliard dollar ketgan.
Raketa hamda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini mustahkamlashga 22 milliard dollar belgilangan.
Mas’ullar fikricha, dron ishlab chiqarishga avvalgi besh yillikka nisbatan 10 barobar, ya’ni 7,4 milliard dollar ko‘proq pul kerak bo‘ladi.
Koinot kengligida mudofaani ta’minlashga 59,3 milliard dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Axborot ta’minoti va boshqaruv tizimini tashkil qilishga 14,8 milliard dollar ketadi. Mudofaa imkoniyatini mustahkamlash, xususan, o‘q-dori ishlab chiqarishga 14,8 milliard, texnikani ta’mirlash va jangovar holatda ushlab turish uchun 66,6 milliard, ob’ektlarni takomillashtirishga 29,6 milliard dollar sarf qilinadi.
Harbiy sanoatni rivojlantirish va mudofaa tadqiqotiga 10 milliard dollar ajratiladi, qolgan 48,8 milliard dollar “boshqa ehtiyojlar” uchun mo‘ljallangan.
Hujjatda qarshi zarba berish vositalarini rivojlantirishga ham jiddiy e’tibor qaratilishi aytilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad nafaqat uchib kelayotgan raketani havoda urib tushirish, balki dushmanning keyingi ehtimoliy zarbalarini ham bartaraf qilishdir.
“Oq kitob” Yaponiya mudofaa vazirligining dunyodagi vaziyat hamda mamlakat mudofaa kuchlari faoliyati to‘g‘risida tayyorlanadigan yillik hisobotidir. Kitob ilk bor 1970 yil nashrdan chiqarilgan, 1976 yildan boshlab har yili e’lon qilinadi. Strategik hujjat hisoblangan ushbu hisobot juma kuni hukumatga taqdim etildi.
O‘zA