Daromadli o‘yinlar. Rossiya futbol bo‘yicha jahon chempionatidan qancha foyda ko‘radi?

JAHON CHEMPIONATI — 2018
Rossiya Federatsiyasi hukumati futbol bo‘yicha jahon chempionatidan ko‘riladigan iqtisodiy nafni 867 milliard rublga baholadi. RIA Novosti bu summa qayerdan kelishi va mamlakat iqtisodiyotiga sport musobaqalarining qanday ta’siri borligini tahlil qildi.
Maqolada yozilishicha, “Rossiya-2018” tashkiliy qo‘mitasi rahbari, Bosh vazir o‘rinbosari Arkadiy Dvorkovich “Futbol bo‘yicha jahon chempionatining Rossiya iqtisodiy va ijtimoiy sohalariga ta’sirini baholash”ga oid tahlil taqdimotida mundial mamlakat iqtisodiga tahminan YaIM 1 % gacha bo‘lgan miqdorda daromad keltirishini ma’lum qilgan.
O‘tayotgan haftada Rossiya Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan prognozda Rossiya YaIM 2018 yil yakunida bir yarim-ikki foizga o‘sishi ta’kidlangandi. Demak, JCh – 2018 bu o‘sishni asosini ta’minlar ekan-da.
Dastlabki hisob kitoblarga qaraganda, Rossiyaning jahon chempionatiga tayyorgarlik xarajatlari 683 milliard rublni tashkil etdi. Bu 12 milliard AQSh dollari atrofidagi mablag‘dir. Hozirgacha bo‘lgan mundiallar orasida eng ko‘p xarajat ketayotganini anglatadi. Umuman olganda har doim chempionatlar oldingisiga qaraganda qimmatroqqa tushib boryapti.
Masalan, Koreya va Yaponiya 2002 yilda mos ravishda 2,5 milliard va 5,6 milliard sarflashgan bo‘lsa, 2006 yili Germaniya 7,7 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgan.
2010 yilda JAR umumiy tamoyilni buzgandi va xarajatlar smetasini 6 milliard dollargacha tushirgan. Lekin Braziliya 2014 yilda yana uni ko‘tardi va 11 milliard dollar sarfladi. Bu “hali holvasi”. Qatar 2022 yilgi jahon chempionati uchun, astronomik summa — 200 milliard dollar ajratayotganini aytmoqda.
XARAJAT EMAS, INVESTITSIYALAR
Aslida yirik xalqaro musobaqalarga ketadigan xarajatlarni maydalab hisoblab o‘tirish noto‘g‘ri. Arkadiy Dvorkovich ham ayni shu fikrda: “Bu investitsiyalar, xarajatlar emas. Bu foyda keltiruvchi xarajat bo‘lib, u insonlar hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hissa qo‘shadi. Jumladan, Rossiyada jahon chempionatini o‘tkazish uchun 20 dan ortiq temir yo‘l vokzallari va stansiyalar, 178 kilometr yo‘llar qayta ta’mirlandi. Aeroportlarning yo‘lovchilarni o‘tkazish imkoni ortdi. Demak, sportga aloqador bo‘lmagan infratuzilma ham yangilandi.
Germaniya 7,7 milliard dollarning 25% ni sport inshootlariga, qolganini infratuzilmaviy qurilishlarga sarflagan.
Braziliya esa 11 milliardning 3,6 milliardini sport sharoitlarini yaratishga, 2,6 milliardni aeroport va 3,4 milliardini transport tizimini takomillashtirishga yo‘naltirdi.
Rossiyada sport infratuzilmasini yaratishga bo‘lgan sarf-xarajatlar umumiy mablag‘ni 39 foizini, transport kabi boshqa infratuzilmalarga esa 44 foizni tashkil etdi.
Taxminlarga ko‘ra, turnirga 570 ming muxlis tashrif buyurishi kutilmoqda. Birgina Krasnodar o‘lkasiga 130 ming xorijiy mehmonning kelishi aytilyapti. Aslida, bu o‘lkaga bir yil davomida keladigan sayyohlar soni shunchadir. Iqtisodchilar xorijiy mehmonlar mamlakat YaIM ga 120 milliard rubl olib keladi, degan fikrda.
Odatda, yirik sport musobaqalari vaqtida, alkogol va yaxna ichimliklar, fastfud va boshqa taomlar, suvenirlar savdosi sezilarli darajada ortadi. Bundan tashqari mehmonxona va IT – biznesida ham katta daromad bo‘ladi.
Yana bir iqtisodiy natija – bu aholi bandligidagi o‘sish bo‘lib, tadqiqotlarga qaraganda, JCh-2018 sababli 220 ming ish o‘rni yaratildi.
KELAJAK UCHUN NATIJA
Futboldan olingan ijobiy iqtisodiy ta’sir anchagacha sezilib tursa kerak. Bu yaqin 5 yil ichida Rossiya iqtisodiga qo‘shimcha 150-210 milliard rubl keltirishi mumkin. Ayniqsa, turizmga ta’siri katta bo‘ladi. Zero, chempionat vaqtida Rossiyaning ko‘pchilikka notanish bo‘lgan shaharlari bilan ham tanishish imkoni yaratilgan.
Yakuniy iqtisodiy natija esa albatta qurilgan inshootlardan keyin ham qanday foydalanilishiga bog‘liq. Yangi stadionlarni to‘laligicha ishlatishni hamma ham uddasidan chiqa olmaydi. Masalan, 2002 yilgi Jahon Chempionati uchun Yaponiyada qurilgan stadionlar mahalliy jamoalar tomonidan unumli foydalanilmoqda. Koreyada esa futbolga unchalik ham qiziqish katta emas, shu sababli yirik maydonlar huvillab yotadi. Eng muhim o‘yinlar ham ko‘pi bilan 20 ming tomoshabinni jamlashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha jahon chempionati “Lujniki” stadionida 14 iyun kuni Rossiya-Saudiya Arabistoni o‘yini bilan boshlanadi. Mundialdan 62 ta o‘yin o‘rin olgan bo‘lib, 32 terma jamoa ishtirok etadi.

 

N. Toshpo‘latova, O‘zA