Poytaxtimizda bir hafta mobaynida voleybol bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionati poyoniga yetdi.
Musobaqaning qizlar o‘rtasidagi final bahsida O‘zbekiston va Qozog‘iston jamoalari kuch sinashdi.
Qiziqarli kechgan o‘yinda qo‘shnilarimiz 3:0 hisobida g‘alabaga erishdi hamda shohsupaning eng yuqorisidan joy egalladi. Ikkinchi o‘rin O‘zbekiston-1 jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, O‘zbekiston-2 qizlar jamoasi 3-o‘rin bilan kifoyalandi.
Yigitlar o‘rtasidagi final bahsida Pokiston jamoasini 3:2 hisobida dog‘da qoldirgan Eron vakillari chempionlikka erishdi. Eron voleybolchilariga yarim finalda imkoniyatni boy bergan O‘zbekiston terma jamoasi yigitlari bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Toshkentda voleybol bo‘yicha musobaqalar endi qit’a miqyosida davom etadi.
22-29 iyul kunlari 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati qit’aning eng kuchli voleybol jamoalari nomiga aniqlik kiritib beradi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqalarda 20 taga yaqin mamlakat terma jamoalari ishtirok etishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA