Sport musobaqalari orasida nufuzi jihatdan Olimpiya o‘yinlaridan keyingi o‘rinda turadigan Universiada musobaqalariga qiziqish juda yuqori. Aytish lozim, Butunjahon Universiada o‘yinlari Xalqaro talabalar sporti federatsiyasi rahbarligida 1959 yildan o‘tkazib kelinmoqda. Hozirgi kunda Xalqaro talabalar sporti federatsiyasiga 174 ta milliy federatsiya va assotsiatsiyalar a’zo hisoblanadi.
Joriy yilning 28 iyul – 9 avgust kunlari Xitoyning Chendu shahrida o‘tadigan XXXI Butunjahon Universiada o‘yinlari ayni paytda jahon sport jamoatchiligining diqqat markazida turgan muhim kompleks musobaqalardan biri sanaladi.
Xalqaro talabalar sporti federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bu galgi o‘yinlarda 110 dan ortiq davlatning 5000 nafardan ziyod talaba-sportchilari 18 ta sport turi bo‘yicha bahslashishi rejalashtirilgan.
Xo‘sh, mazkur o‘yinlarda mamlakatimiz vakillari nechta sport turida Vatanimiz sharafini himoya qiladi? Kutilayotgan natijalar qanday bo‘ladi?
O‘zbekiston Talabalar sporti assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi a’zosi Erkin Qodirovning bildirishicha, mazkur kompleks musobaqalarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi 7 ta sport turida qatnashadi. Ishtirokchi sportchilar soni 77 nafarni tashkil etmoqda.
Yurtimiz sportchilari Xitoyda o‘tadigan Universiada o‘yinlarida dzyudo, taekvondo, tennis, sport gimnastikasi, yengil atletika, qilichbozlik, ushu sport turlarida g‘oliblik uchun maydonga chiqadi.
Talaba-sportchilarimiz orasida jahon va qit’a chempionlari, xalqaro turnirlar sovrindorlari borligi natijalar yuqori bo‘lishiga qaratilganidan darak beradi.
Bundan besh yil muqaddam “Neapol-2019” Universiada o‘yinlarida O‘zbekiston talaba-sportchilari 3 ta sport turida 2 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, 112 ta davlat orasida 18-o‘rinni egallagan edi.
Italiya sport maydonlarida kechgan Universiada bahslarida tennischilarimiz 2 ta oltin, 1 ta kumush, taekvondochilarimiz 1 ta kumush, dzyudochilarimiz 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Bu yil bo‘ladigan Universiada o‘yinlarida esa mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan reja-dasturga muvofiq, mamlakatimiz talaba-sportchilari O‘zbekiston sport salohiyatini ko‘rsatishni niyat qilmoqda.
Ta’kidlash kerak, “Chendu-2021”da kutilayotgan holat “Neapol-2019”dagi vaziyatdan tubdan farq qilishi tabiiy. Zotan, sport turlaridagi umumiy ob-havo oldingi ko‘rinishdan o‘zgacha. Reja va maqsadlar amaliy natija bilan mutanosib bo‘lishi har bir sport turidagi talaba-sportchilarimizning imkoniyatlari, ularning xalqaro musobaqalarda erishayotgan ko‘rsatkichlariga bog‘liq, albatta.
Xitoyda bo‘ladigan Universiada o‘yinlarida sovrindor bo‘lishi kutilayotgan sport turlari safiga sport gimnastikasi, yengil atletika, qilichbozlik va ushu kabi sport turlari qo‘shildi. Bu, O‘zbekiston talaba-sportchilarining qamrovi yanada kengayganligidan dalolatki, sport turlari geografiyasining kengayishi, ishtirokchilar safining ortishi yutuqlar prognozidagi o‘sishga xizmat qilmog‘i lozim.
Yana bir e’tiborli jihat. Chenduda o‘tadigan Universiada o‘yinlari ishtirokchilari bu gal mamlakatimizning 19 ta oliy ta’lim muassasalari talabalari orasidan shakllantirilgani ham talabalar sportida adolat va shaffoflik tamoyillari keng joriy etilayotganligidan dalolat berib turibdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA