Shu kunlarda iqtidorli bokschimiz Isroil Madrimov navbatdagi jangini super yarim o‘rta vaznda (69,8 kg) “WBA” chempionlik kamari uchun bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

O‘zA muxbiri Isroil Madrimov bilan oldinda turgan rejalar,  mashg‘ulotlar va jang haqida suhbatlashdi.

– Isroil, barcha muxlislaringiz kutayotgan jang haqida to‘xtalsangiz.

– Navbatdagi jangni qachon va kim bilan bo‘lishi aniq emas. Biroq “WBA” chempionlik kamari uchun bo‘lishi mumkin. To‘g‘iri avvalroq, “Matchroom Boxing” promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Xirn mening britaniyalik Jeyms Metkalf bilan jang o‘tkazishim ehtimoli balandligi haqida xabar bergan edi. Biroq bunga aniq qaror qilinmagan. Hozirda promouterlar kelishuvlar va takliflarni ko‘rib chiqmoqda. Vakant qoldirilgan chempion kamar uchun ringa ko‘tarilishim mukin. Nima bo‘lganda ham tez orada jang o‘tkazishni kutmoqdaman.

– Ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz?

– Hozirda To‘lqin Qilichov qo‘l ostida mashg‘ulotlar o‘tkazmoqdaman. Biroq jang kuni va raqib aniq emasligi bois mashqlarni ko‘paytirmayapmiz. Asosan jismoniy holatni bir maromda ushlab turuvchi mashqlarni bajarmoqdaman.

–Havaskor boksda yaxshi natijalar qilgansiz. Aytinchi, havaskor boksga qaytish niyatingiz bormi?

–  Havaskor boksga qaytish orzuim bor, lekin hozirgi maqsadim professional boksda jahon chempioni bo‘lish va bu maqsad yo‘lida barcha to‘siqlardan o‘tishga tayyorman. Havaskor boksga o‘tish va o‘tmasligim esa jahon chempioni bo‘lganimdan so‘ng oydinlashadi.

Bugun, bokschilarimiz erishayotgan yutuqlarga dunyo sportchilari orzu bilan boqmoqda. Mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibordan ko‘zlangan maqsad ham asli shu.

Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA