O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, ilmiy tadqiqotlar mavzularini shakllantirish, ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy qilish, kadrlar tayyorlashda agroklasterlar, kooperativlar va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining real ehtiyojlarini inobatga olish mexanizmi joriy etiladi va ushbu tizim 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab amal qila boshlaydi.

Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, inson resurslarini rivojlantirish masalalari yangi tashkil etiladigan agroklasterlar, kooperativlar va sohadagi boshqa yirik korxonalar faoliyatini tashkil etishda litsenziya va ruxsat etish tartib-taomillari shartlaridan biri etib belgilanadi.

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi huzurida xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan ilmiy-innovatsion guruhlar tomonidan ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan yutuqlarini joriy etish va tijoratlashtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fond tashkil etiladi.

2023 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida o‘z yechimini kutayotgan muammolar bo‘yicha xorijiy va mahalliy tajribani o‘rgangan holda ilmiy loyihalar va dissertatsiyalar mavzularini shakllantirish Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Sohadagi dissertatsiyalar mavzulari muammolarning ilmiy-amaliy yechimiga qaratilgan bo‘lishi, ularning natijadorligini ta’minlash, amaliyotga tatbiq qilish uchun mas’uliyat ushbu loyiha tayyorlangan muassasalar zimmasiga yuklatiladi.

2023 yil 1 oktyabrdan boshlab qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi barcha tadqiqotlar “Oziq-ovqat xavfsizligi, oziqlanish va mahsulotlar zararsizligi”, “Iqlim o‘zgarishiga moslashish va oqibatlarini yumshatish”, “Fermerlar daromadini oshirish va qo‘shilgan qiymat yaratish” yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan dasturlar doirasida olib boriladi.

2023 yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasi bo‘yicha 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalar shakllantiriladi va ularning grant tanlovlari belgilangan tartib va muddatlarda o‘tkazilishi ta’minlanadi.

Qarorga muvofiq, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti huzurida Buyuk Britaniya ta’lim tizimi asosida ixtisoslashgan Xalqaro maktab, shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali negizida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti tashkil etiladi.

O‘zA