Munosabat

Zamonaviy dunyo har kuni, har soatda o‘z qiyofasini o‘zgartirib turibdi. Kecha axborot texnologiyalari, elektronlashtirish bilan boshlangan jarayonlar bugun raqamlashtirish pog‘onasiga o‘tdi. 

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohani rivojlantirishga doir yangi vazifalar belgilab berildi. Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

O‘zA muxbiri Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz MUHITDINOV bilan shu haqda suhbatlashdi.

– So‘nggi yillarda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yangi pog‘onaga ko‘tarilib, bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali aholi va tadbirkorlarga 440 turdagi (yil boshida 370 ta) hamda uning mobil ilovasi orqali 190 turdagi (yil boshida 160 ta) elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi A.Muhitdinov. – Yil boshidan beri aholimiz xizmatlardan Yagona portal orqali yetti million marotaba foydalangan bo‘lib, natijada ularning 26 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari iqtisod qilingan.

Birgina 2022 yilning o‘zida portal orqali avtotransport boshqaruvi uchun 60 mingdan ortiq elektron ishonchnomalar (aholining 5,7 milliard so‘m mablag‘i iqtisod qilindi), chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha 51 mingdan ortiq sertifikat (2 milliard so‘m tejaldi), Avtotransport oynalarini qoraytirishga (tonirovka) 253 mingdan ziyod ruxsatnoma (7 milliard so‘m tejaldi) va boshqa elektron xizmatlar taqdim etilishi natijasida aholining mablag‘lari tejalishiga erishildi.

Lekin oldinda hali amalga oshiriladigan ishlar ko‘p. Chunki davlat xizmatlarining katta qismi hamon an’anaviy tarzda taqdim etib kelinyapti (jami davlat xizmatlarining 45 foizi). Xususan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun talab yuqori bo‘lgan transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, soliq hamda kommunal xizmat singari sohalar hanuzgacha yetarli darajada raqamli transformatsiya jarayonlari bilan qamrab olinmaganligi bois bu yo‘nalishlardagi davlat xizmatlari an’anaviy tarzda (qog‘oz ko‘rinishida) ko‘rsatilyapti.

Yil yakunigacha Yagona portalda talab yuqori bo‘lgan “Yangi avtotransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish”, “Bola parvarishlash nafaqasini olish”, “Talabalar turar joyiga joylashish”, “Soliq deklaratsiyalarini topshirish”, “Jismoniy shaxslarning ortiqcha to‘langan soliqlarini qaytarish” singari davlat xizmatlarini elektron ko‘rinishda joriy etish rejalashtirilgan.

– Raqamlashtirishdan kim ko‘proq manfaatdor?

– Albatta, raqamlashtirishdan barcha yutadi. Birinchi navbatda aholi ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiyadan qutuladi. Korrupsiyaning oldi olinadi. Vaqt va mablag‘ tejalishiga erishiladi. Hukumat, davlat tashkilotlari va aholi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yuzaga keladi. Odamlarni u yoqdan bu yoqqa sarson qilishlarga barham beriladi.

Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasi uchun kerak bo‘ladigan “086-shakldagi” tibbiy ma’lumotnomani olmoqchi bo‘lgan odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur. Agar bu raqamlashtirilsa, ortiqcha ovoragarchilik to‘xtaydi.

Yana bir misol, yerni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir “qo‘lda” qilinyapti.

Yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur. Raqamlashtirish to‘liq joriy etilsa, shunga o‘xshagan muammolarning hammasi bosqichma-bosqich unutiladi. Xuddi bir paytlar mahalladan, kommunal xizmatlardan ma’lumotnomalar yig‘ib yurishimiz unutilganidek…

– Raqamli texnologiyalar sohasida malakali kadrlarga talab qanday?

– Milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash axborot texnologiyalari sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson kapitali rivojiga bog‘liq. Respublikamizda axborot texnologiyalari sohasida aholini o‘qitish bo‘yicha yaxlit ekotizim shakllanib, yoshi va yashash joyidan qat’i nazar, raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘tgan yili respublikaning har bir tuman va shahrida ochilgan raqamli ta’lim markazlari negizida 250 mingdan ziyod aholi dasturlashni chuqur o‘rganib chiqdi, 1,5 milliondan ortig‘i onlayn platformalar orqali masofadan o‘qitildi.

Mazkur yo‘nalishni rivojlantirishning muhim shartlaridan biri, bu – yuqori sifatli IT ta’lim olish imkoniyatiga ega aholimizni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish hisoblanadi.

Shuning uchun ham bugungi kunda davlat tomonidan yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplash imkoniyati taqdim etilyapti. Yana IT ta’lim olishda imtiyozli kreditlash dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, Yagona portal orqali 2022-2023 yillarda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan yoshlarga, shuningdek, IT-park rezidentining o‘quvchisi yoki bitiruvchisi bo‘lgan 11 mingdan ortiq  yoshlarga kompyuter xaridi bo‘yicha iste’mol krediti foizlari hamda 16 mingdan ortiq yoshlarga xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi.

– Raqamlashtirishda BPRning o‘rni haqida gapirsangiz?

– BPR – “Business Process Reengineering” – biznes jarayonlarini maqbullashtirish, osonlashtirish yoki oddiylashtirish hisoblanadi. Har bir davlat xizmati ma’lum bir jarayonlardan iborat bo‘lib, ular doimiy ravishda tahlil qilinadi va o‘rganiladi. Mazkur o‘rganish natijasida eskirgan tartibotlar doimiy ravishda BPR qilib boriladi. Davlat xizmatlarining asosan uchta vositasi BPR qilinadi.

Bular: davlat xizmatini olish uchun talab qilinadigan hujjatlarni qisqartirish; davlat xizmatini ko‘rsatish muddatini qisqartirish; agar davlat xizmati pullik bo‘lsa,  pul miqdorini kamaytirish.

Oddiy bir misol, oldinlari avtotransport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma rasmiylashtirish yuzasidan navbatlar bilan hisoblaganda kamida 4-6 soat vaqt, yana bir qator hujjatlar talab etilardi. Hozir esa mazkur jarayon to‘liq avtomatlashgan bo‘lib, ishonchnomani Yagona portal orqali rasmiylashtirish 3-5 daqiqada talabgordan hech qanday hujjat talab etmagan holda amalga oshirilyapti.

Davlat xizmatlarini BPR qilishda xizmatning talabgorga sodda, oddiy, qulay taqdim etilishi – xizmatdan kompyuter savodxonligiga ega odam foydalanadimi yoki nafaqadagi fuqaromi, hammaga tushunarli bo‘lishi muhimdir.

– Aholi va tadbirkorlarning bir nechta portal, sayt yoki mobil ilovalarni yuklab olishi bilan bog‘liq chalg‘ishlari bo‘yicha biror taklif berildimi? 

– Aholi va tadbirkorlarimiz o‘z faoliyatida turli davlat xizmatlaridan foydalanadi. Mazkur davlat xizmatlari vazirlik va idoralarning portallari hamda saytlarida joylashtirilgan. Natijada mutaxassis yoki tadbirkor bir vaqtning o‘zida bir nechta portaldan foydalanishi, ushbu portallarda shaxsiy kabinetiga ega bo‘lishi kerak.

Masalan, qaysidir firma hisobchisi xodimni Pensiya jamg‘armasiga hisobga qo‘yish uchun bank rasmiy veb sayti orqali, soliq hisobotlarini jo‘natish uchun shu yo‘nalishdagi portal orqali, xodimlar to‘g‘risida ma’lumotlarni yangilash uchun mehnat tizimidan foydalanib, turli amallarni bajarishga majbur.

Bu esa, albatta, mutaxassisni chalg‘itishi, bir ma’lumotni turli portallarga qayta-qayta kiritishiga olib kelmoqda. Shu kabi noqulayliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 maydagi farmoni asosida endilikda vazirlik va idoralarning 26 ta axborot tizimlarini Yagona portalga birlashtirgan holda davlat xizmatlarini “Bir nuqta – bir oyna” tamoyili asosida ko‘rsatilishiga erishiladi.

– Prezident topshirig‘i bilan amalga oshirilishi belgilangan 540 dan ortiq loyiha aholiga qanday qulayliklar yaratadi?

– Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan topshiriqlarga asosan fuqarolar uchun raqamli hukumatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga mo‘ljallangan 180 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, bu orqali aholi va tadbirkorlarimizga bir qancha qulayliklar yaratildi.

Misol uchun, Bojxona omborlarida 370 ta yuk operatsiyasini raqamlashtirish tufayli  5,3 milliard so‘m mablag‘lar iqtisod qilindi va rasmiylashtirishga ketadigan vaqtning 3 soatdan 30 daqiqagacha qisqartirishga erishildi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari va tarbiyalanuvchilarining davomatini yuritishni raqamlashtirish, subsidiyalar, yana soliq ushlanmalarini avtomatik ravishda hisoblash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi tufayli 21,7 mingdan ortiq oilaviy nodavlat bog‘chalarda 20 milliard so‘mgacha ortiqcha subsidiya mablag‘i to‘lanishining oldi olindi.

“Tashqi iqtisodiy faoliyat portali”ning yangi talqini yordamida eksport-import shartnomalarini monitoring qilish, moliyaviy aylanmalar hisobotlarini shakllantirish orqali oyiga 15 mingdan ortiq shartnoma rasmiylashtirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida imtiyozli elektron chiptalarni sotish tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida 600 dan ortiq temir yo‘l imtiyozli chiptalari sotildi va aholining 100 milliondan ortiq mablag‘i tejaldi.

“Mening uyim” billing tizimi orqali ko‘p qavatli uylarni boshqarish tashkilotlarida majburiy badal tushumlarining onlayn monitoringi yo‘lga qo‘yildi hamda 1,2 million abonent tomonidan 353 milliard so‘m to‘lov amalga oshirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Yagona darcha” tizimida ichki qatnovlarda xususiy (ijaradagi) bo‘sh vagonlarni temir yo‘l orqali tashish uchun elektron buyurtma shakllantirish imkoniyati yaratilishi orqali 500 dan ortiq elektron buyurtma shartnomasi shakllantirilib, 5,6 milliard so‘m miqdorida sarf qilinadigan harajat iqtisod qilindi.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining joriy yil 24 maydagi qaroriga muvofiq, 2023-2024 yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

– Birinchi galda qaysi sohalarni raqamlashtirish zarur, deb ayta olasiz?

– Xabaringiz bor, bugungi kunda tibbiyot sohasiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni tatbiq etish va aholining elektron tibbiy pasportini shakllantirish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, suv tanqisligi 2030 yilga borib, 7 milliard kub metrni, 2050 yilga borib esa 15 milliard kub metrni tashkil qilishi taxmin qilinmoqda. Bu ushbu sohani raqamli transformatsiya qilish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish zarurligining yana bir isbotidir.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yil 22 fevral kuni soha va hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu ikki sohani raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha alohida topshiriqlar berildi.

Shunga asosan topshiriqlarni sifatli bajarish maqsadida markazimizda “Sog‘liqni saqlash” va “Suv xo‘jaligi” sohalarini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etilmoqda. Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda 25 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.

Xususan, sog‘liqni saqlash sohasini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarining 50,5 million yevro kredit va grant mablag‘lari jalb qilinmoqda. Bu orqali “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi amalga oshirilib, fuqarolarning yagona elektron tibbiy kartasi shakllantiriladi, elektron retsept berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va shu kabi 20 dan ortiq boshqa loyihalar amalga oshiriladi. Yagona portalda 8 turdagi elektron xizmat ishga tushiriladi.

Suv xo‘jaligi sohasida klaster va fermerlar bilan suv olish shartnomalari hamda buyurtmanomalarni elektron shakllantirish imkoniyati yaratiladi, bu orqali soliq tushumlarini 5 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, suv xo‘jaligi ob’ektlariga 13 mingdan ortiq raqamli nazorat-o‘lchov qurilmalarini o‘rnatish hisobiga suv resurslaridan foydalanish samaradorligi 5 foizga oshiriladi.

– Hududlarda raqamli hukumat loyihalarini amalga oshirish jarayonlari qanday kechmoqda?

– Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmon va qarorlarga asosan hududlarda 370 dan ortiq loyiha bajarilayotgan bo‘lib, “Raqamli hudud” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida birinchi navbatda joriy yil yakuniga qadar Toshkent viloyatining 5 ta shahrida (Angren, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq va Nurafshon) hamda Jizzax va Urganch shaharlarida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid ma’lumotlarni tahlil qilishni ta’minlovchi geoportallar ishga tushiriladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu geoportallar vazirlik va idoralarning 70 turdagi ma’lumotlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadi.

Bundan tashqari, ushbu hududlarda aholiga qulayliklar yaratish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini tezkor bartaraf etishga qaratilgan “Xalq nazorati” portali amaliyotga joriy qilinadi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda aholi tomonidan portalga kelib tushgan ariza va shikoyatlarga asoslaniladi. Dasturdan birinchi galda ushbu muammolarni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar o‘rin oladi.

Shu bilan birga “Raqamli hudud” loyihasini bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida joriy qilish choralari ko‘riladi.

 – Markaz tomonidan loyihalarning kechikish yoki bajarilmaslik holatlari qanday baholanadi?

– Markazda har bir vazirlik va idoradagi raqamli transformatsiya jarayonlariga bevosita yordam berish uchun loyiha menejerlari mavjud. Ular har bir davlat tashkiloti bilan loyihalar bo‘yicha doimiy hamkorlikda ishlab, amaliyotga sifatli joriy etilishi choralarini ko‘radi.

O‘z navbatida, vazirlik, bizning markaz, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya hamda “Kiberxavfsizlik markazi” hamkorligida davlat tashkilotlarida bajarilmayotgan loyihalarning kechikish sabablari o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berib kelinmoqda. Xususan, hozirda reja-jadvalga asosan har hafta 2-3 tadan davlat organining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari va mas’ul mutaxassislari ishtirokida loyihalarning bajarilish holati muhokama qilinmoqda.

Shu kabi o‘rganish tadbirlari tufayli, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamli transformatsiya qilish doirasida shu yilning o‘zida 40 dan ortiq loyiha amaliyotga joriy etilib, bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

Birgina misol, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda yonilg‘i-moylash materiallarini qabul qilish va transport texnikasiga taqsimlash ob’ektlari uchun yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinishi natijasida yonilg‘i quyish shoxobchalarida xizmat ko‘rsatish vaqti ikki barobarga qisqartirildi. 2023 yil birinchi choragida yonilg‘i-moylash materiallari xarajatini 10 milliard so‘m miqdorida kamaytirishga erishildi.

Yil yakuniga qadar davlat tashkilotlarida yana 300 dan ortiq loyiha to‘liq ishga tushiriladi.

Mana shu amalga oshirilayotgan ishlar natijasida xalqaro reytinglarda, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Elektron hukumat bo‘yicha (E-government Survey) navbatdagi reytingida yanada yuqori o‘rinlarga ko‘tarilish, xususan, 50 talik davlatlar qatoriga kirish rejalashtirilgan.

O‘zA muxbiri 

Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.