Qaror va ijro

Tibbiyot sohasi ekspertlari insonda ruhiy salomatlik bo‘lmasa to‘laqonli jismoniy sog‘lom bo‘lish imkonsizligini ta’kidlashadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa ruhiy salomatlik birlamchi tibbiy yordamning muhim qismi bo‘lishi lozimligini ko‘p bora eslatadi.

Koronavirus pandemiyasining dastlabki yilida insonlarda depressiya va bezovtalik yigirma besh foizga oshgan. Bu dunyoda tibbiyot sohasidagi og‘riqli masalaning yanada chuqurlashishiga olib keldi. Sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi xalqaro tashkilotlar bu boradagi xatarlarni kamaytirish, himoya choralarini oshirish uchun qator tavsiyalarni beradi.

Ular, avvalo, ruhiy salomatlikni mustahkamlash borasidagi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish lozimligini ta’kidlaydi. Shuningdek, ruhiyatdagi xastalikdan aziyat chekayotganlarga g‘amxo‘rlik qiluvchilarni rag‘batlantirish kerakligi uqtiriladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ruhiy salomatlikka ehtiyoj yuqori bo‘lishiga qaramay, ko‘plab mamlakatlarning tibbiyot sohasida ko‘rilayotgan choralari yetarli emas.

Raqamlar jahonda har sakkiz kishidan biri ruhiy kasallikdan aziyat chekishini ko‘rsatadi. Bu statistika nega yuqori degan savol tug‘iladi. Javob hanuzgacha ko‘p davlatlarda rasmiy ruhiy salomatlik xizmatlari markazlari umuman mavjud emasligida yaqqol ko‘rinadi. Oqibatda ba’zi joylarda ruhiy salomatligida muammosi borlar hech kimdan ko‘mak so‘ramasdan kasallik bilan yashashda davom etmoqda.

Inson ruhiy salomatligini saqlash borasida dunyoda mavjud muammolar haqida qisqacha to‘xtaldik. Xo‘sh, bu mavzuda gap borganda, O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Mamlakatimizda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmati tegishli tartibda yo‘lga qo‘yilgan. Yurtimizda deyarli sakkiz ming o‘ringa ega 27 ta psixiatriya muassasasi faoliyat olib bormoqda. 225 ming nafardan ortiq shaxs dispanser hisobida turadi.

E’tiborlisi, bugungi kunda bu boradagi ishlarni takomillashtirish yangi bosqichga ko‘tarildi. Psixiatriya sohasida yagona boshqaruv tizimini joriy etishga kirishildi.

Ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, ularga tashxis qo‘yish, davolash sifatini oshirish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Tegishli vazirlik va idoralarga sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi. Kadrlar salohiyatini yuksaltirish va psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlari boshlandi.

Tibbiyotning yuqorida sanalgan keng ko‘lamli islohotlar strukturasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 19 iyunda imzolangan “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berildi.

– Qarorda psixiatriya yordamini ko‘rsatish xizmatining yagona vertikal boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh psixiatri Ulug‘bek Alimov. – Shu maqsadda 1 iyuldan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi sifatida qayta tashkil etildi. Markaz ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi. Ushbu yo‘nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktab shakllantiriladi. Markaz, shuningdek, ruhiy salomatlikni ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni sog‘liqni saqlashning barcha darajalarida muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Hududlardagi ruhiy va narkologiya kasalliklari shifoxonalari va dispanserlari markazning hududiy tashkiliy-metodik bo‘linmalari hisoblanadi. Markaz va uning hududiy bo‘linmalari tibbiyot oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza sifatida faoliyat yuritadi. Bu tibbiyotimizda katta ish bo‘layotganini anglatadi.

Qaror bilan 2023 yil 1 avgustidan sog‘liqni saqlash tizimining amaldagi shtatlari doirasida 208 ta tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida tibbiy psixolog faoliyat boshlaydi.

Shuningdek, statsionar o‘ringa ega bo‘lmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida suitsidologlar faoliyat boshlaydi. Statsionar o‘ringa ega bo‘lgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida qabul bo‘limi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etiladi.

– Ko‘pchilik ruhiy kasalliklar dispanserlariga murojaat qilishga tortinishadi, – deydi Toshkent shahridagi ruhiy-asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori Ra’no Shukrillayeva. – Ularning nazarida bunday muassasalarga faqat ruhiy kasallikka chalinganlar keladi degan qarash bor. Birlamchi bo‘g‘inda psixiatr, tibbiy psixolog o‘rinlarining tashkil etilishi mana shunday muammolarning bartaraf etilishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayonda, albatta, kasallikka erta tashxis qo‘yish imkoni yuzaga keladi. Dardni qancha erta aniqlasak uni davolash ham shuncha oson bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz. Ruhiy muammolari bor bemorlar o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo‘naltiriladi. Ya’ni bir maqsad, tibbiy psixologlar maktab o‘quvchilari, voyaga yetmaganlar o‘rtasida turli xil psixologik muammoli holatlarni aniqlashga harakat qiladi. Depressiya holatidagi yoshlarga o‘z vaqtida malakali psixologik ko‘mak beriladi.

Qarorda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir qator vazifalarni bajarishi ko‘rsatilgan. Xususan, maxsus ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlarini umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab dasturidagi mavjud fanlar doirasida yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Ambulatoriya sharoitida davolanish uchun ruhiy holati buzilgan shaxslarni imtiyozli asosda 15 turdagi dori vositalari bilan ta’minlashga joriy yilda qo‘shimcha 10 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

– Ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar shifoxonada davolanib chiqqandan keyin uzoq vaqt ambulator sharoitda tegishli psixotrop dorilarni qabul qilishlari kerak, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi konsultanti Bulat Chimbayev. – Bunday muolaja qilinmasa davolanish oxiriga yetmagan bo‘ladi. Bemor yana shifoxonaga tushishi ehtimoli ortadi. Shu maqsadda davlat tomonidan yetarli mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgani quvonarli. Ajratilgan mablag‘ yil yakunigacha dorilar uchun yetarli ehtiyojni qoplaydi. Qarorda kelgusi yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan zarur mablag‘lar ajratish nazarda tutildi.

Shuningdek, oxirgi ikki yilda tegishli jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kamida 40 nafar soha mutaxassisi nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalariga malaka oshirish uchun yuboriladi.

Birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida 2023 yil yakuniga qadar muhim vazifalarni nazarda tutuvchi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ruhiy holat buzilishlarida yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturi amaliyotga joriy qilinadi.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlar ko‘lami har jihatdan kengayayotgani, xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish choralari ko‘rilayotgani e’tiborli.

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri