Vena shahrida OPEKning 8-xalqaro seminari ish boshladi. Bu haqda “WAM” axborot agentligi ma’lum qildi.

Xofburg saroyida bo‘lib o‘tayotgan tadbirning “Barqaror va inklyuziv energiyaga o‘tish sari” nomli asosiy sessiyasida energiya xavfsizligi, texnologik innovatsiya, atrof-muhit muammosi, barqaror rivojlanish va energetika siyosati kabi muhim mavzular muhokama qilinadi.

OPEK Bosh kotibi Xaysam Al-G‘ays mazkur seminarda dunyodagi joriy vaziyatni hisobga olgan holda, energetika sohasiga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama qilish maqsadida ko‘plab yuqori darajali, nufuzli mehmonlar – vazir, elchilar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, milliy va xorijiy neft kompaniyalari rahbarlari ishtirok etayotganini bildirdi.

Bundan avvalgi seminar 2018 yil 20-21 iyun kunlari “Neft – barqaror kelajak uchun hamkorlik” shiori ostida Vena shahridagi Xofburg saroyida o‘tkazilgan va rekord darajadagi ishtirokchilar – 50 dan ortiq davlatdan 950 kishi, 80 ga yaqin ma’ruzachi, 60 vazir va kompaniya rahbari, 19 homiy, 20 nafar ko‘rgazma ishtirokchisi hamda 200 dan ortiq jurnalist va tahlilchilarni jamlagandi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA