Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi davom etmoqda.

Jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini tortgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning qariyb barcha qit’asidan, ya’ni 60 dan ziyod  mamlakatdan 450 dan ortiq davlat va siyosat arboblari, yirik biznes vakillari, ekspertlar, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etmoqda.

Haftalik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Sifatli ta’lim va innovatsiyalar – barqaror kelajak asosi” mavzusidagi konferensiyada   xalqaro ekspert Bashir Chanbasha O‘zbekiston o‘z innovatsion landshaftini faol takomillashtirib, tadqiqot, ishlanmalar va innovatsiyalar uchun yanada qulay muhit yaratayotganini ta’kidladi.

– O‘tgan yili O‘zbekiston Global innovatsion indeksda 132 mamlakat orasida 82-o‘rinni egalladi, – deydi ekspert o‘z so‘zida. – 2030 yilda esa mamlakatingiz Global innovatsion indeksda  50 ta ilg‘or davlat qatoriga qo‘shilishni maqsad qilgan.

Ta’lim sohasida O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi o‘rnini yaxshilaydigan bir qancha aniq yo‘nalishlar mavjud deb bemalol ayta olish mumkin. Bular oliy ta’lim muassasalarining reytingi, xalqaro akkreditatsiya, indekslangan jurnallarda nashrlar sonining ko‘payishi va bozor talablaridan kelib chiqqan holda yangi o‘quv dasturlarining joriy etilishi hisoblanadi.

Ma’lumki, ko‘nikmalarga asoslangan ish o‘rinlarini yaratish va mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish universitetlarning eng muhim vazifasidir. Ushbu muammolarni hal qilish universitetlar, sanoat korxonalari, siyosatchilar va tegishli manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda, hamkorlikdagi yondoshuvni talab qiladi. Tadqiqot va ishlanmalarni xalqarolashtirish jarayonlari tadqiqotchilar, olimlar va institutlar o‘rtasida tadqiqot o‘tkazish, bilim almashish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda global  hamkorlikni anglatadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA