Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi g‘oyat qizg‘in ruhda o‘tmoqda. Haftalikning ikkinchi kunida asosan ijtimoiy sohalar rivojiga bag‘ishlangan Xalqaro forumlar, anjumanlar, muloqotlar, taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi” mavzusidagi xalqaro forumning ilk kuni g‘oyat ishchan ruhda o‘tdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova mamlakatimizda xotin-qizlarni himoyalash, manfaatlarini ta’minlashning ilgari misli ko‘rilmagan yangicha tizimi yaratilganini alohida ta’kidladilar. Bu jihatlar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olinishi, gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy muhofazasi, opa-singillarimizning xizmat pillapoyalaridan yuqorilanishi, tadbirkorligi, ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga doir amaliy tashabbuslar bilan bevosita bog‘liqdir.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda ayollarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida ibrat olishga arzigulik mexanizm yaratilganini alohida e’tirof etdilar. Shu bilan birga sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun xalqaro hamkorlikni kengroq yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Shu kuni “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat”, “Sifatli ta’lim va innovatsiyalar – barqaror kelajak asosi” kabi mavzularda xalqaro konferensiyalar ham o‘tkazildi. Unda yangi O‘zbekistonning innovatsion strategiyasi, oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsion taraqqiyot masalalariga doir taqdimotlar o‘tkazildi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri