Konstitutsiyaning 29-moddasiga ko‘ra, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.

Mazkur konstitutsiyaviy normalar “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi yangi qonun bilan amalda ta’minlanadi.

Adliya vazirligi ushbu qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi.

Davlat hisobidan yuridik yordam kam ta’minlangan shaxslarga, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgan shaxslarga hamda psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga ko‘rsatiladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam olish istagini bildirgan shaxs “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali elektron shaklda yoki maxsus vakolatli davlat organiga og‘zaki yoki yozma shaklda murojaat qilishi mumkin. Shuningdek, ishni ko‘rib chiqayotgan vakolatli organ yoki mansabdor shaxsga davlat hisobidan advokat ajratilishi haqida iltimosnoma berishi kerak.

Qonunga asosan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash imkoniyati yaratilmoqda. Advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tasodifiy tanlanadi.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatgan advokatlar haqidagi ma’lumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida e’lon qilinadi.

Bepul yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarining kengaytirilishi va shaffof tizim yaratilishi fuqarolarga odil sudlovga erishish darajasini oshiradi.

 

N.Abduraimova, O‘zA