Joriy yil 9 iyulda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari jadal davom etmoqda. Bunda saylov uchastkalarini zarur jihozlar, texnika va boshqa anjomlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda raqamli texnologiyalar rivojlanib, kundalik hayotimizdan muhim o‘rin egallamoqda, jamiyatimizning har bir jabhasiga jadal kirib bormoqda. Axborot asrida raqamli texnologiyalar taraqqiy etib borayotgan bir paytda saylov jarayonlarida ham ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilayotir.

Bu borada Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar va Ichki ishlar vazirliklari mutaxassislari bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilib, saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatish yuzasidan aniq choralar belgilandi.

Bunda onlayn-translyatsiya uchun videokameralar o‘rnatiladigan uchastka saylov komissiyalari binolari, ya’ni ovoz berish joylari va xonalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tavsiyalari asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shakllantiriladi.

Videokameralarni o‘rnatish va jihozlash Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” markazi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu kameralar orqali saylov kuni jarayonlarni onlayn translyatsiya qilish Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ta’minlanadi.

Saylov uchastkalarida o‘rnatilgan video-kuzatuv kameralari orqali saylovda ovoz berish jarayonlari MSKning rasmiy veb-saytida, Matbuot markazining led ekranlarida hamda MTRKning telekanallari orqali real vaqt rejimida translyatsiya qilib boriladi. Bunda saylovchilarning yashirin ovoz berish prinsiplariga to‘liq rioya etiladi.

Ta’kidlash joizki, saylov uchastkalarida video-kuzatuv kameralarining o‘rnatilishi saylov jarayonlarini, xususan, ovoz berish jarayonlarini xolis kuzatish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA