Qaror va ijro

Bugungi kunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi bino-inshootlariga o‘rnatilgan quyosh panellari ichki ehtiyojni ta’minlash bilan birga, tuman elektr ta’minoti korxonasi tarmog‘iga ham elektr energiyasini uzatmoqda.

Ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning 2019 yilning 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tizimli ishlar olib borildi.

Lekin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2022 yil 10 iyunda iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida energetika sohasi tashkilotlari uchun kechiktirib bo‘lmaydigan qator vazifalar qo‘yilgan edi. Shuningdek, unda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish bo‘yicha soha vakillari shaxsiy namuna bo‘lishi lozimligi ham ta’kidlanganini alohida qayd etish kerak.

Aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 28 ta ob’ektda “yashil energiya” manbalari o‘rnatildi

Ushbu videoselektor yig‘ilishining 48-bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘ztexsanoat” uyushmasida o‘tkazilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ko‘rgazmasida qator kelishuvlarga erishildi. Unga ko‘ra, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ “Solar Nature” korxonasi bilan 28 ta ob’ektga 500 kVt quvvatli quyosh paneli o‘rnatish bo‘yicha umumiy qiymati 5,0 milliard so‘mlik shartnoma imzolagandi.

Ayni paytda umumiy quvvati 590 kVt bo‘lgan kichik fotoelektr stansiyalari “O‘zbekiston MET” AJ tasarrufidagi energetika ob’ektlari hamda ma’muriy binolari tomiga o‘rnatilgan quyosh panellari ichki ehtiyojni ta’minlash bilan bir barobarda tuman elektr ta’minot korxonasi tarmog‘iga ham elektr energiyasini uzatmoqda (sotmoqda).

Xususan, “Andijon magistral elektr tarmoqlari” filiali ma’muriy binosiga 30 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lsa, filial tarkibidagi 500 kV kuchlanishli “Lochin” podstansiyasiga 30 kVt, 220 kV kuchlanishli «Bobur» podstansiyasiga 10 kVt quvvatga ega muqobil energiya manbasi o‘rnatilgan. Xuddi shu kabi “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali ma’muriy binosiga 50 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, filial tarkibidagi 220 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasiga 20 kVt, shuningdek, “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filiali avtoturargoh binosiga 20 kVt quvvatli, filial tarkibidagi 220 kV kuchlanishli “Chirchiq” podstansiyasiga 30 kVt, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Nurli zamin” mahalla fuqarolari yig‘inida joylashgan targ‘ibot-tashviqot maskani sifatida foydalaniladigan fotoelektr stansiyasida 40 kVt quyosh panellari o‘rnatilgan.

Shuningdek, “Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali ma’muriy binosiga 30 kVt quvvatli quyosh panellari hamda filial tarkibidagi 220 kV kuchlanishli “Qarshi” podstansiyasiga ham 30 kVt quvvatga ega “yashil energiya” manbasi o‘rnatildi.

O‘z navbatida, bugungi kunda “Buxoro MET” filialiga 30 kVt, “Jizzax MET” filialiga 10 kVt, “Namangan MET” filialiga 20 kVt, “Navoiy MET” filialiga 20 kVt, “Samarqand MET” filialiga 30 kVt, “Surxondaryo MET” filialiga 30 kVt, “Sirdaryo MET” filialiga 20 kVt, “Farg‘ona MET” filialiga 40 kVt, “Xorazm MET” filialiga 30 kVt, “Qoraqalpog‘iston MET” filialiga 20 kVt quvvatli quyosh panellari hamda Aksiyadorlik jamiyatining markaziy apparatida esa 50 kVt quvvatli kichik fotoelektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, hozirgi kunga qadar ushbu quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z iste’molimizdan ortgan 129,2 ming kVt/soat elektr energiyasi tuman elektr tarmoqlariga uzatildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati energetika ob’ektlari hamda ma’muriy binolarida 12 ta, umumiy sig‘imi 1800 litr bo‘lgan quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatilgan bo‘lib, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi energetiklar beminnat issiq suv manbaidan ham samarali foydalamoqda.

Quyosh panellaridan energiya olish bo‘yicha mutaxassislar prognozi

Mutaxassislar yuqorida sanab o‘tilgan quyosh panellari bir yil davomida Aksiyadorlik jamiyatning elektr energiya iste’molini 1 080,0 ming kVt/soatga tejashga imkon berishini taxmin qilishgan edi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich birmuncha oshdi va Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi bino-inshootlarda o‘rnatilgan kichik quyosh elektr stansiyalari umumiy hisobda xo‘jalik ehtiyoji uchun sarflanayotgan elektr energiyasi sarfini qariyb 35-40 foizga qisqartirib, kunning ma’lum bir paytida elektr energetika umumtarmog‘iga ham elektr energiyasi sotishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Ayni paytda mutaxassislar maxsus sayt sahifalari orqali quyosh panellari ish faoliyatini onlayn kuzatish, zaruriyat tug‘ilganda “yashil energiya” manbasiga turli servis xizmatlarini ko‘rsatish orqali samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirishi mumkin. Qiziq tomoni shundaki, quyosh panellari ish faoliyatini monitoring etish elektron dasturida energetiklar bir kunda shartli ravishda, qancha daraxt novdasi o‘tqazgani, yoki qancha ko‘mir tejalgani, yoki qancha uglerod oksid gazlari paydo bo‘lishining oldi olingani to‘g‘risidagi taqribiy raqamlarni monitoring qilib borish imkoniyati mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati xodimlarining yashash joylarida namuna tariqasida o‘rnatish grafigiga asosan 20 nafar xodimlar xonadonida quvvati 73,5 kVt bo‘lgan quyosh paneli va quyosh suv istitish qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. 2022-2026 yillar davomida bosqichma-bosqich xo‘jalik iste’molini to‘liq qayta tiklanuvchi energiya manbalariga, ya’ni, “yashil energiya”ga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Kichik quyosh elektr stansiyalaridagi “On-Grid” va “Of-Grid” tizimi nimani anglatadi?

Shu o‘rinda bir foydali ma’lumotni e’tiboringizga taqdim etamiz. Kichik quyosh elektr stansiyalari tizimining ikkita asosiy turi mavjud bo‘lib, biri “On-Grid”, ikkinchisi “Of-Grid” deb ataladi.

Xo‘sh, ularning farqi nimada? “On-Grid” – invertor yordamida muqobil elektr energiyasi manbai umumiy elektr ta’minoti tarmog‘iga ulangan va parallel ravishda ishlaydigan tizim. Bunday tizimli elektr uskunalari zaxira quvvatiga ega tizimga nisbatan arzonroq, chunki u faqat quyosh panellari va tarmoq invertori jihozlarini o‘z ichiga oladi.

“Of-Grid” – muqobil elektr energiyasi manbai tashqi shahar tarmog‘iga ega bo‘lmagan tizim. Quyosh panellari fotovoltaik modullardan, zaryad boshqaruvchisidan, batareyalar to‘plamidan va invertordan iborat. Zaryad boshqaruvchisi va invertor orqali quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi iste’molchilarga yetkazib beriladi. Quyoshli kunlarda iste’molni ta’minlash uchun kerak bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqariladi va ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr quvvati batareyalarda to‘planadi.

Xulosa o‘rnida

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, energetika tizim tashkilotlari bu borada shaxsiy namuna bo‘lishi lozim va namuna bo‘lmoqda. Shu o‘rinda anomal ob-havo, turli iqlim sharoitlarining kutilmagan sinovlari davrida kecha-yu kunduz mehnat qilayotgan energetika sohasining barcha xodimlariga omad tilaymiz.

Ishonamizki, tizimda kuzatilayotgan ayrim muammolar tez orada o‘z yechimini topib, mamlakatimiz energetika tizimining barqaror faoliyati – yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovon hayoti yo‘lida xizmat qilishda davom etaveradi.

Ulug‘bek URUNOV,

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi

raisining matbuot kotibi – axborot

siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

O‘zA