Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida stritbol bo‘yicha 16-21, 22-26, 27-30 yosh toifasida mahalla yoshlaridan tashkil topgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika final bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Uch kun davomidagi shiddatli bellashuvlar natijasida 16-21 yosh toifasida 1-o‘rin Chirchiq shahridagi Bahor mahallasi yoshlariga nasib etgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar Nukus shahridagi “Darvent” va Quva tumanidagi “Rasta” jamoalariga tegishli bo‘ldi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning 22-26 yoshlilar o‘rtasidagi musobaqalarda g‘oliblik Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani “Saroy-1” mahalla fuqarolar yig‘ini vakillariga nasib etdi. Keyingi pog‘onalardan Farg‘ona viloyati, Quvasoy tumanidagi “Bog‘bon” va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahridagi “Kirantov” mahallasi jamoasi joy oldi.
27-30 yosh toifasidagi bahslarda Taxiatash tumanining Obod mahalla jamoasi shohsupaga ko‘tarildi. Keyingi qatorlarni Chinoz tumanidagi Chorvador hamda Jizzax viloyati G‘allaorol shahridagi Samarqand mahalla vakillari egalladi.
Kuchli uchlikdan joy olgan jamoalar diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash lozim, “Besh tashabbus olimpiadasi” final bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalarning mahallalariga universal sport maydonchasi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarning mahallalariga “Workout” va “Streetball” maydonlarini o‘zida jamlagan bolalar sport maydonchalari barpo etiladi.
O‘zA