Xitoyda qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda.
Qit’aning eng kuchli qilichboz sportchilari jam bo‘lgan musobaqaning ayollar o‘rtasidagi sablya yo‘nalishida kechgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Zaynab Dayibekova oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqadagi ishtirokini pley-off bosqichidan boshlagan Dayibekova saralashda Vetnam, Xitoy, Avstraliya vakillarini dog‘da qoldirdi. Yarim finalda hindistonlik Bxavani Chadalavadani, finalda esa uch karra jahon chempionati sovrindori, Tokio-2020 Olimpiadasi bronza medali sohibi janubiy koreyalik Jisu Yunni kumush medal bilan kifoyalantira oldi hamda qit’a chempioni sifatida shohsupadan joy egalladi.
Aytish lozim, Tokio-2020 olimpiadasi ishtirokchisi Zaynab Dayibekova ilk bor kattalar o‘rtasida qit’a chempionati oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Qit’a chempionati bahslari 22 iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev. O‘zA