Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. Unga asosan davlat byudjetining daromad qismini ijro qilish, yagona g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish, davlat moliyaviy nazorati va audit, byudjet ijrosi jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha hamkorlik rejalashtirilgan.

O‘zaro kelishuvga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi Federal g‘aznachiligi yetakchi boshqarmalari rahbarlaridan iborat delegatsiya joriy yilning 23-aprel kuni Toshkent shahriga keldi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahrida vazirliklararo muloqotlar doirasida ishchi guruhlarning uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar kabi moliya sohasi rivoji, xususan, davlat byudjetining daromad qismini ijro qilishni takomillashtirish, yagona g‘azna hisobvarag‘idagi mablag‘larni boshqarish, davlat moliyaviy nazorati va audit, byudjet ijrosi jarayonini avtomatlashtirish borasida tajriba almashishlar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan edi. Bunday hamkorliklar doirasida o‘rganilgan tajribalar natijasida bir qator me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish va yangi yo‘nalishlarga oid hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. Jumladan, yagona g‘azna hisobvarag‘ining bo‘sh pul mablag‘larini bank depozitlariga joylashtirishningelektron axborot tizimlari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda amalga oshirish mexanizmi joriy qilinishi kutilayotgani bunga yaqqol misoldir.

– Memorandum ijrosiga muvofiq moliya va g‘aznachilik organlari ish tajribasini o‘rganishga qaratilgan uchrashuv va suhbatlar menda katta taassurot qoldirdi, – dedi Rossiya Federatsiyasi Federal g‘aznachiligi rahbari o‘rinbosari Aleksandr Mixaylik. – Ikki davlatning ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha yaxshi tajribasi bor. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bizning asosiy maqsadimiz o‘zbek va rus g‘aznachilari va mutaxassislarining ish tajribasi bilan yaqindan tanishish. Bu tajribalarni ish jarayonida qo‘llash biz uchun ham har jihatdan foydalidir.

Tashrif doirasida mehmonlar Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham bo‘ladi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘z