Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarining boshlanishiga roppa-rosa 100 kun qoldi. Shu munosabat bilan “kichik olimpiada” mash’alasi Xitoyning qadimiy maskanlaridan biri Lyanchju shahrining tarixiy obidalarida konkav oynasida quyosh nurlari yordamida alanga oldirildi. Osiyo o‘yinlari mash’alasi Xitoyning 11 ta shahri orqali olib o‘tiladi.

19-yozgi Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi Xanchjoudagi Olimpiya sport markazi stadionida 23 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, kecha 19-Osiyo o‘yinlari medallari, taqdirlash marosimlarida foydalaniladigan materiallarning taqdimoti ham tashkil etildi. Xanchjou-2022 medallari “Xushan” deb nomlanadi. Bu xitoyliklar tilida “ko‘llar va tog‘lar” ma’nosini anglatadi. Ularni yaratishda 5000 yillik Xitoy sivilizatsiyasi mavjudligidan dalolat beruvchi Lyanchju madaniyatining noyob tasvirlaridan foydalanildi deyiladi Osiyo Olimpiya kengashi xabarida. Medallar dizaynida birinchi marta Lyanchju madaniyati davrida ishlatilgan yashma kvadratlarini o‘zida jo etgan “yuysun”dan foydalanildi va dumaloq medal kombinatsiyasi qo‘llanildi. Medalning old tomonida Xanchjou shahrining tasviri joylashgan bo‘lib, u uch tomondan tuman bilan qoplangan tepaliklar bilan o‘ralgan, bir tomondan esa shahar manzaralari aks etgan. Tanganing orqa tomonida Osiyo o‘yinlarida sportchilar qoldirgan ajoyib izlarni ifodalovchi kvadrat muhr shakli namoyish etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 19-yozgi Osiyo o‘yinlari 23 avgustda boshlanib, 8 oktyabrga qadar davom etadi. Unda O‘zbekistonning 400 dan ortiq sportchisi 39 sport turida ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. 2018 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlarida bu ko‘rsatkich 30 ta sport turida 232 nafar sportchini tashkil etgan.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA