Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika qon quyish stansiyasida 14 iyun — Butunjahon donorlar kuni munosabati bilan “Qon topshiring, qon plazmasini bering, hayotni baham ko‘ring va buni tez-tez bajaring” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.

2005 yil may oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari yakdillik bilan beg‘araz qon donorligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan edi. Shundan buyon har yili “14 iyun — Butunjahon donorlar kuni” sifatida keng nishonlanadi.

Bugun mamlakatimizda beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish, uni aholi orasida keng targ‘ib etish, qon quyish stansiyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Joriy yil Respublika qon quyish markazining hududlardagi qon bilan ishlash xizmati muassasalariga, shu jumladan  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika qon quyish stansiyasiga ham  ko‘chma donorlik kompleksi – maxsus jihozlangan “Isuzu” avtobusi topshirildi. Mazkur avtobuslar maxsus jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 3 nafar donordan qon olish mumkin.

–Og‘ir kasalliklarga chalingan insonlar va murakkab operatsiyalarga muhtoj  bemorlar hayotini saqlab  qolishda qon muhim ahamiyatga ega, – deydi tadbirda so‘zga chiqqan G‘umshagul Qozoqbayeva. – Gematologik kasallikka chalinganligim tufayli  har yili donor qoniga muhtojman. Men kabi yordamga muhtoj bemorlarga ko‘mak berayotgan insonlarni butunjahon donorlar kuni bilan muborakbod etaman. Ularning safi yanada ko‘payaversin.

Tadbir yakunida bir guruh donorlarga “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ishtirokchilarga konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA