Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasidagi Qora dengiz sohilida 15 ta davlat sportchilari o‘rtasida motokross bo‘yicha “Winline Hamdo‘stlik kubogi – 2023” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Rossiya, Armaniston, Belarus, Janubiy Osetiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Italiyaning eng yaxshi motokrosschilari 65 kub.sm, 85 kub.sm, 125 kub.sm (ayollar, yoshlar), “MX1”, “MX2” va “MX Open” sinflarida bellashdi.
Aytish mumkinki, ushbu nufuzli musobaqani ikki kun davomida butun dunyo bo‘ylab ekstremal sport muxlislari katta qiziqish bilan kuzatdi.
Quvonarlisi, xalqaro kubok musobaqasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sportchilaridan iborat O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari – Emran Ablyazov 125 kub.sm (“MX2”), Jasur Samatov 250 kub.sm (“MX1”) va Konstantin Sichyov “MX Open” sinflarida qatnashib, umumjamoa hisobida faxrli 3-o‘rinni egalladi.
1-o‘rin Rossiya, 2-o‘rin esa Qozog‘iston terma jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, deya xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati.
O‘zA