Taniqli qo‘shiqchi shoir va dramaturg Turob To‘la tavalludining 100 yilligi arafasida adib tug‘ilib o‘sgan qadimiy Turbat qishlog‘ida tantanali kecha bo‘lib o‘tdi. 
Unda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi qadimiy do‘stlik rishtalari haqida gapirildi. Jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosat nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi, balki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining rivojiga katta hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. Deyarli har bir so‘zga chiquvchi O‘zbekiston rahbariyatining so‘nggi ikki yildagi tashqi siyosatiga to‘xtalib o‘tdi va bu siyosatga yuqori baho berdi.
Tadbirda Turbatdagi oddiy dehqon oilasida tug‘ilib, keyinchalik Toshkentdagi bolalar uyida tarbiyalangan, 1933–1941-yillarda Toshkent pedagogika institutining kechki bo‘limida tahsil olgan, shu bilan birga, yoshlarga mo‘ljallangan jurnal va gazetalarda ishlagan Turob To‘la hayoti va ijodi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Bu borada adib hayotiga bag‘ishlangan 10 daqiqalik film ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Turob To‘laning O‘zbekiston Davlat nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Radiosida bo‘lim boshqaruvchisi, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida adabiy bo‘lim mudiri, Respublika kinochilar uyushmasi kotibi, San’at ishlari boshqarmasining boshlig‘i, Hamza nomidagi (hozirgi O‘zbek Milliy) Akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi adabiyot targ‘iboti markazining rahbari kabi bir qancha mas’ul lavozimlarda faollik ko‘rsatgani borasidagi ma’lumotlar tadbir ishtirokchila hukmiga havola etildi.
1934-yillardan she’r yozishni boshlagan Turob To‘laning ilk she’rlar to‘plami 1939 yilda nashr qilingan. 1941–1945-yillarda uning harbiy mavzudagi she’rlari xalqimizning fashizmga nafratini va vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini ifodaladi. Uning qo‘shiq uchun yozilgan yoqimli, jarangdor she’rlari zamonamiz kishilarining yuragiga hamohangdir. Xalqimiz Turob To‘lani qo‘shiqchi shoir sifatida tanidi va tan oldi. Shoirning she’rlari asosidagi qo‘shiqlar hamon televideniye va radioto‘lqinlarida beriladi.
“Rais”, “Marg‘ilonlik qiz”, “Talant”, “Maftuningman”, “Furqat”, “Shashmaqom”, “To‘qqizinchi asr monologi”, “Qahr” filmlarining ssenariysi Turob To‘la qalamiga mansub.
Dramaturg sifatida Turob To‘la “Qirq qiz”, “Qizbuloq”, “Momo yer” (Ch.Aytmatov asari asosida), “Nodirabegim”, “Qahr” pyesalarini yozgan, bu asarlar respublika teatrlarida qo‘yilgan. U Oybek qalamiga mansub “Qutlug‘ qon” romani asosida “Zulmatdan nur” operasi hamda “Samarqand afsonasi” baleti librettolarini yozgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘la o‘z she’rlari, qo‘shiqlari, muzikali dramalari va kinossenariyalari bilan o‘zbek kitobxonlari va tomoshabinlari qalbidan chuqur joy olgan edi. U Shekspirning “Qiyiq qizning quyulishi” komediyasi, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, N.A. Nekrasov, T.Shevchenko, A.To‘qay, S.Muqonov asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Turbatda bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etib, nutq so‘zlagan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Qozoq adabiyoti bo‘limi mudiri Mehmonqul Islomqulov “Sharq yulduzi” jurnalining navbatdagi sonida Turob To‘la haqida esse va adibning she’rlari e’lon qilinganini, shu yil oxirlariga qadar shoirning “Tanlangan asarlari” nashr qilinishini, adibning 100 yillik yubileyiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Qozog‘iston o‘zbeklarining “Do‘stlik” milliy-madaniy markazi rahbari Ikrom Hoshimjonov, O‘zbekiston bilan aloqalar mustahkamlanib borayotgani faxr bilan ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga qaraganda, prezidentlarimizning ezgu harakatlari bilan do‘stona aloqalarimiz yanada samimiylashib bormoqda. Bu kabi iliq munosabatlar barcha sohalar qatori madaniy-ma’rifiy aloqalarimiz rivojlanishida ham o‘z aksini topmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan keksalar, ziyolilar Turbat qishlog‘ida Turob To‘laning 1968-yilda nishonlangan 50 yillik, 1978-yilda o‘tkazilgan 60 yillik yubileylarini eslatib o‘tishdi. O‘sha tadbirlarda O‘zbekistonning nomdor shoir va yozuvchilari Turbatga borib, shoirning xursandchiliklariga sherik bo‘lishgan, turbatliklar bilan qizg‘in suhbatlashib ularning xotirasida qolishgan edi.
Marosimda so‘zga chiqqan“Janubiy Qozog‘iston” ijtimoiy-siyosiy gazetasining Bosh muharriri Alisher Sotvoldiyev ajoyib tadbirning guvohi bo‘lganini qayd qilib o‘tdi. Turob To‘la nomli umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan shoirning she’rlari o‘qildi, spektakllardan parchalar ijro etildi.
Turob To‘laning 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdan so‘ng, qishloq markazida yaqinda foydalanishga topshirilgan restoranda ehson berildi. Adib xotirasiga Qur’on tilovot qilindi.
SharofiddinTo‘laganov