Svetoforning taqiqlovchi belgisida o‘tayotgan yo‘lovchilarga maxsus qurilma suv sepib yuboradi, deb xabar beradi “scmp.com”.
Buni ilk bor Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Daye shaharchasida sinovdan o‘tkazishdi. Shaharning bir necha ko‘chalariga tartibni buzuvchilarni qayd etadigan qurilma – datchiklarni o‘rnatishdi. Agarda yo‘lovchi svetoforning qizil chirog‘ida o‘tsa, tizim harakatlanib suv sepadi va “Iltimos, yo‘lni kesib o‘tmang, hozir bu xatarli!” deya o‘zidan ovoz chiqarib, ogohlantiradi.
Ushbu tizimni rivojlantirish 1,3 million yuanga baholanmoqda, bu taxminan 207 ming AQSH dollari demakdir. Agar tajriba muvaffaqiyatli deb topilsa, bunday qurilma boshqa shaharlarga ham o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, mamlakatning janubidagi Shenchjen shahrida esa, kameralarga qoida buzar piyodalarni sur’atga oluvchi maxsus tarmoq o‘rnatildi. Kamera qoida buzayotgan piyodalarni suratga oladi va ma’lumotni maxsus portal tizimiga yuboradi. Yo‘l chetida maxsus ekranlarda olingan suratlar yirik planda ko‘rsatib turiladi. Qoidani buzgan piyodalarga tegishli ravishda jarima belgilanib, ularga bu haqidagi ma’lumot ijtimoiy tarmoq orqali yuboriladi.
Umida Qurbonova tayyorladi.