Yakshanba kuni Anqarada Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir yarim soat davom etgan uchrashuvda TIV yangi rahbari Xoqon Fidan, milliy mudofaa vaziri Yashar Guler va Prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin qatnashgan.

Muloqotning asosiy mavzusi – Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish jarayoni. Turkiya rasmiylari rasmiy bayonot berishmadi. Shimoliy Atlantika alyansi rahbari matbuot anjumanida Shvetsiya memorandum doirasida Turkiyaning talablarini bajardi, dedi.

“Aniq qadamlar haqida gapirilsa, Shvetsiya terrorga qarshi kurash qonunlariga o‘zgarish kiritdi. Stokgolmdagi namoyishlar Anqarada norozilik tug‘dirganini tan olaman. O‘sha miting qatnashchilarining maqsadi Shvetsiya NATOga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik edi”, dedi Bosh kotib.

Stoltenberg “Prezident Erdog‘an bilan bugungi uchrashuvda Shvetsiya bilan doimiy qo‘shma mexanizm navbatdagi yig‘ilishini 12 iyun kuni o‘tkazishga kelishib oldik”, deya ma’lum qildi.

Shu bilan birga u NATOning Vilnyusda o‘tadigan sammiti oldidan Turkiyada Shvetsiya arizasini ratifikatsiya qilish uchun vaqt yetarli ekanini ta’kidladi.

 

O‘zA