1 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi – qirq birinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilayotgan yalpi majlisda qator qonun va masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Telekommunikatsiyalar sohasida ayrim faoliyat turlarini amalga oshirganlik uchun davlat boji miqdorlari maqbullashtirilishi munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida saytimizda batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova, O‘zA