Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani “Navro‘z” ovul fuqarolar yig‘ini hududida oltmish o‘ringa mo‘ljallangan 16-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 18 martdagi “2022 – 2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida umumiy qiymati 2,8 milliard so‘m bo‘lgan bino qurilishi “Nukus Turan” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Yangi binoning foydalanishga topshirilishi “Oxun ovul” bolalariga haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda tumanda 3-7 yoshdagi 4 ming 85 nafar bola bo‘lib, shundan 3 ming 137 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanmoqda. 2022 yil oxirida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 72,9 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 76,7 foizni tashkil etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri