O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Rim shahrida “O‘zbekiston – Italiya: hamkorlikning yangi qirralari” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.

Italiya Tashqi ishlar vazirligi huzurida faoliyat yurituvchi yetakchi tahliliy va tadqiqot tuzilmalaridan biri – Xalqaro tashkilotlar jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda davlat idoralari, yetakchi kompaniyalar, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan Eldor Aripov o‘tgan o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli sherigi sifatida mamlakatimiz barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi va Konstitutsiyaning yangilangan tahriridan kelib chiqadigan vazifalar o‘zaro munosabatni chuqurlashtirish uchun yangi istiqbol ochmoqda.

Rim O‘zbekistondagi islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bu hamkor davlat mamlakatimiz demokratik institutlarini rivojlantirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish borasida olib borilayotgan izchil siyosatni yuksak baholaydi.

Italiyalik ekspertlar nafaqat Rim, balki Yevropa Ittifoqida ham O‘zbekiston amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatadi, shu orqali, eng avvalo, xalq farovonligini ta’minlash vazifasi ustuvor ekanini tasdiqlaydi.

Italiyaning Toshkentdagi elchisi Agostino Pinna so‘zlariga ko‘ra, 2017 yildan O‘zbekistonda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi konstitutsiyaviy islohot bozor iqtisodiyoti uchun yanada mustahkam poydevor yaratdi: tadbirkorlik faoliyati uchun asosiy erkinlik va kafolat mustahkamlanmoqda, xususiy mulk himoyasi kuchaytirilmoqda.

Diplomat Italiya – O‘zbekiston munosabati aynan shunday jadal va izchil rivojlanayotgan paradigmada gullab-yashnayotganiga urg‘u berdi.

2022 yil yakuniga ko‘ra, tovar ayirboshlash 32 foiz o‘sib, 535,4 million yevroga yetdi. Natijada Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi uchinchi yirik savdo hamkoriga aylandi.

Italiya biznesining O‘zbekistonga qiziqishi o‘zaro uyg‘un xususiyatga ega bo‘lib, izchil kuchayib borayotgani ahamiyatga molik. Keyingi yillari respublikamizda Italiya kapitali ishtirokida konchilik, metallurgiya, neft-kimyo va elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yangi sohalarni qamrab olgan korxonalar soni ikki barobar oshdi. So‘nggi to‘rt yil ichida o‘zlashtirilgan Italiya investitsiyasi miqdori yetti barobar ko‘payib, 7,1 million dollardan 49,6 million dollarga ko‘tarildi.

Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati prezidenti Rikardo Sessa “O‘zbekiston va Italiya ko‘p asrlik do‘stlar” ekanini alohida qayd etdi. Uning fikricha, ikki davlatni uzoq yillik tarixiy va sivilizatsion aloqalar bog‘lab turadi. Zamonaviy O‘zbekiston Rimning Markaziy Osiyoga qaratilgan siyosatida muhim o‘rin egallaydi. Mustahkam ichki barqarorlik hamda Toshkentning o‘zaro manfaatli mintaqaviy siyosati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkorga aylantirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tub o‘zgarishlar tufayli Italiyaning O‘zbekiston bilan hamkorlikka strategik qiziqishi ortmoqda. Parlamentlararo aloqa faollashmoqda, O‘zbekiston va Italiya vazirlik, idoralari darajasidagi munosabatlar jadal ravnaq topmoqda.

Davra suhbati yakunida tomonlar o‘zaro ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va Italiyaning tahliliy institutlari o‘rtasidagi aloqani kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Italiya xalqaro tashkilotlar jamiyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatda ikki davlatning tahliliy markazlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan izchil ravishda forum, seminar va davra suhbatlari tashkil etish orqali hamkorlikni va muntazam ishchi aloqani yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA