Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 martdagi farmoyishi asosida aholi o‘rtasida kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlaridan keng foydalanishni jadallashtirishga qaratilgan.
Tanlov quyosh panellarini o‘rnatish va undan foydalanishni jadallashtirish hamda ushbu ishlarni rag‘batlantirish, munosib taqdirlash va bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, jamoatchilik orasida energiya resurslarini tejash, aholining e’tiborini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaratish hamda energiya resurslariga nisbatan tejamkorlik madaniyatini shakllantirish maqsadida uyushtirilmoqda.
Tanlov nominatsiyalar bo‘yicha 2023 yil 1 iyundan 1 sentyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla fuqarolari yig‘inlari miqyosida o‘tkaziladi hamda 14 ta hududning har biri bo‘yicha tanlovda qatnashuvchi nomzodlar o‘rtasida g‘oliblar aniqlanib, mukofotlanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholi xonadonlariga o‘rnatilgan quyosh panellarining jami quvvati 150 kVtdan kam bo‘lmasligi va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xonadonlarga quyosh panellari tanlov e’lon qilingan kundan boshlab, tuman(shahar) hokimligiga taqdim etish kuniga qadar davrda o‘rnatilgan bo‘lishi shart.
Tanlovda ishtirok etish ixtiyoriydir.
G‘oliblar quyidagi mezonga ko‘ra aniqlanadi:
bosh sovrin – quvvati 300 kVtdan;
1-o‘rin – quvvati 250 kVtdan;
2-o‘rin – quvvati 200 kVtdan;
3-o‘rin – quvvati 150 kVtdan kam bo‘lmagan quyosh panellarini birinchilardan bo‘lib o‘rnatgan hamda hududiy elektr tarmog‘iga ulanib ishlab turgan mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yig‘inlari orasidan aniqlanadi.
Tanlov g‘oliblariga quyidagi mukofotlar topshiriladi:
respublika bo‘yicha bosh sovrin – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 1 200 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi elektromobil;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharlarining har birida:
birinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 400 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 10 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;
ikkinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 5 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish;
uchinchi o‘rin uchun – belgilangan mezonga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari miqdorigacha bo‘lgan qiymatdagi 3 kVt quvvatli quyosh fotoelektr tizimini o‘rnatib berish.
Tanlov g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlanadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA