O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ko‘rgazma saroyida “Muloqot” xalqaro zamonaviy san’at loyihasi doirasida “Ma’nolarning ko‘chishi” mavzusida ko‘rgazma ochildi.

“Ruxsor” zamonaviy tasviriy san’at muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada o‘n besh nafar rassomning so‘nggi yillarda yaratgan asarlari namoyish etilmoqda.

So‘nggi paytlarda biz tarix va zamonda yangi ma’nolardagi fantastik hamda global o‘zgarishlarni kuzatdik. Bir tomondan, bu yangi texnologiyalarning, sun’iy intellektning yaratilishi, ikkinchi tomondan, murosasiz urushlar, mojarolar, yomonlashayotgan ekologik tizim va iqtisodiy vaziyat. Zamonaviy globallashgan dunyo turli muammolar, g‘oyalar, harakatlar, konsepsiyalar, strategiyalar va texnologiyalarning murakkab zamon makonidir.

Tasviriy san’at zamonaviy ko‘p qatlamli bog‘lanishning bir qismi sifatida tabiat va jamiyat, tarix va zamonaviylik, sivilizatsiya va madaniyat, zamonaviy dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni aks ettiradi.

Ushbu loyiha doirasida ekskursiyalar, madaniyat arboblarining kelajak muzeylariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglanadi hamda davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma 20 iyungacha davom etadi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA