Singapur har jihatdan namuna oladigan davlat, uning davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi boy tajribasini o‘rganish va yangi O‘zbekistonda qo‘llash oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarga mos keladi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ham bo‘ldi.

Halima Yaqub xonim Singapurda davlat xizmatchilari va raqamlashtirish sohasida kadrlarni tayyorlash jarayoni tizimli  ravishda tashkil qilingani, “Aqlli millat” tashabbusi doirasida davlat darajasida raqamli transformatsiyaning drayveri bo‘lishga qodir kadrlarni tayyorlash masalasi kabi dolzarb mavzulardagi tajribalari haqida so‘zlab berdi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov mehmonlarga Akademiyaning yangilangan strategik tuzilmasi, o‘quv dasturlari, ilmiy  faoliyati va istiqbolli vazifalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Tadbirda Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi professori Eduardo Araral Singapurdan onlayn tarzda so‘zga chiqdi va ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, jumladan, davlat xizmatchilarini o‘qitishdagi o‘quv, uslubiy va tashkiliy-texnik masalalarga doir mulohazalarini bildirdi.

– O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan islohotlar jahon ekspertlarining ham nigohida bo‘lib turibdi, – dedi professor Eduardo Araral. – Xususan, o‘zim ham mazkur o‘zgarishlarni hayrat bilan kuzatyapman. Samarali boshqaruv va kadrlar salohiyatini rivojlantirishga to‘g‘ri yondoshuv bo‘yicha Singapur davlati bilan tajriba almashish bo‘yicha o‘rnatilayotgan hamkorlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlayman.

Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari va doktorantlari ishtirokidagi muloqot davomida Halima Yaqub Singapurning birinchi ayol Prezidenti sifatida zamonaviy lider ayol qiyofasi haqidagi savolga javob berar ekan, o‘zining tajribalari haqida to‘xtaldi.  Singapurdagi “Milliy kitobxonlik harakati” besh yillik dasturi tajribasidan kelib chiqqan holda, millat miqyosida kitobxonlikni targ‘ib qilish borasidagi  fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ma’lumot uchun: Singapurning birinchi Bosh vaziri va ushbu mamlakat “iqtisodiy  mo‘’jizasi” muallifi Li Kuan Yu sharafiga nomlangan maktab davlat siyosati va xalqaro munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy va siyosiy tadqiqotlar o‘tkazishga ixtisoslashgan. Ushbu maktab bir necha yillar davomida xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi dastlabki kelishuvga binoan yil davomida yurtimizdan 200 nafarga yaqin davlat xizmatchilari Singapurda davlat boshqaruvi, davlat siyosati, davlat xizmati, inson resurslarini boshqarish hamda xalqaro aloqalar va global muammolar yo‘nalishlarida malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapurga davlat tashrifi doirasida Singapur milliy universiteti huzuridagi Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabiga ham borgan edi.

Saidmurod RAHIMOV, Davron Ernazarov (surat), O‘zA