O‘zbekistonda milliy brend ostida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan turbinali o‘pkani sun’iy shamollatish apparati konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Loyiha mualliflari xorijiy analoglardan turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori bo‘lgan innovatsion tibbiyot uskunasini ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

O‘zbekistonda milliy brend ostida ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan turbinali o‘pkani sun’iy shamollatish apparati konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Loyiha mualliflari xorijiy analoglardan turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori bo‘lgan innovatsion tibbiyot uskunasini ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan narkoz-nafas olish uskunalarini yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi “Chirana Asia” kompaniyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish markazi, Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Nukus filiali tomonidan amalga oshirilmoqda.

Uskunani ishlab chiqarishga O‘zbekiston va Rossiyaning taniqli konstruktorlari, muhandislar, dasturchilar, sanoat dizaynerlari, marketologlar jamoasi jalb etilgan. Yangi yaratilayotgan uskunada o‘pkani sun’iy shamollatish apparatida sun’iy intellekt boshqaruvi va nazorati, o‘pkasi og‘ir shikastlangan bemorlarni davolash uchun ko‘p darajali shamollatish opsiyalari, shamollatishning davolovchi va yordamchi rejimlarini sozlashning kengaytirilgan imkoniyatlari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Uskunani ishlab chiqarish texnologiyasida mahalliy davolash muassasalarining intensiv terapiya bo‘limlarida tibbiy texnikalardan foydalanishning avtonom ishlash, yuqori va past haroratlarda foydalanish, kislorod berishning markazlashgan tizimi mavjud yoki yo‘qligi kabi o‘ziga xos jihatlari va talablari imkon qadar hisobga olingan.

Loyihaning ilmiy-tadqiqot ishlari, tajriba-konstruktorlik ishlari, detallar va uzellar joylashuvining umumiy konsepsiyasi, tajriba namunasini sinovdan o‘tkazish, metodik qo‘llanmalarni yaratish ishlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish markazi, Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Nukus filiali tomonidan amalga oshiriladi.

Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida “Chirana Asia” qo‘shma korxonasi texnik takliflar ishlab chiqarish, eskiz namunalarini yaratish, dasturiy yechimlar va konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqish, sinov modelini ishlab chiqarish, seriyali modellarni chiqarish, marketing masalalarini yo‘lga qo‘yadi.

Klinik sinovlar Toshkentdagi 1-shahar klinik shifoxonasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur loyiha yurtimiz tibbiyot asbobsozligi sohasining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi va mamlakatimizning texnologik mustaqilligi sari katta qadam bo‘lib xizmat qiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA