Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirish eng muhim vazifalardan biri etib belgilangan edi.

Bu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining eksport va investitsiyalarni kengaytirish masalalari bo‘yicha loyihasi, O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, Sankt-Peterburg shahri ma’muriyatining tashqi aloqalar qo‘mitasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston va Rossiya: hududlarning o‘zaro hamkorligi istiqbollari” mavzuida onlayn anjuman tashkil etildi.

Tadbirda mahalliy Kengash deputatlik guruhi a’zolarining ishtirok etishi tadbirkorlarning eksportga yo‘naltirilgan faoliyatini faollashtirishdagi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Rossiyaning savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorligini kengaytirish hamda mustahkamlashga ko‘maklashishga qaratilgan ushbu tadbirga Sankt-Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko katta qiziqish bildirgan.

Rossiyalik ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, bunday uchrashuvlar o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va hamkorlikni o‘rnatish hamda rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va logistika, O‘zbekistonda yetishtiriladigan sifatli va tabiiy mahsulotlarni rossiyalik iste’molchilar dasturxoniga yetkazish sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun o‘ziga xos yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Anjuman do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi. O‘zbekistonlik meva-sabzavot hamda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari, xususan, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi “O‘zsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyati vakillari Rossiya bozorlariga sifatli mahsulotlarni yetkazib berish imkoniyatini namoyish etdi. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya bozoriga “yashil yo‘lak” tizimi orqali yetkazishni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA