13 may kuni Qatar poytaxti Dohada dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining yakkalik bahslari poyoniga yetdi. 14 may kuni jamoaviy bahslar boshlanadi.
100 ga yaqin davlat terma jamoalari ishtirokida o‘tkazilayotgan chempionat kutilmagan natijalarga boyligi bilan ajralib turdi.
«Parij–2024» Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan bu galgi jahon chempionatida Davlat Bobonovsiz qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bironta ham oltin medalni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, munosib ishtirok etdi, deyish mumkin.
Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi 7 tadan vazndagi bellashuvlarda jahonning 657 nafar kuchli dzyudochisi bilan kurash olib borgan hamyurtlarimiz yakunda 2 ta kumush hamda 2 ta bronza medaliga ega chiqdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Dilshodbek Barotov 60 kilo og‘irlikda va Diyora Keldiyorova ayollar o‘rtasida 52 kilogramm vaznda kumush medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 73 kilo vaznda bahs olib borgan Murodjon Yo‘ldoshev, +100 kilogrammda dunyo zo‘rlari bilan bellashgan Alisher Yusupov bronza medallariga musharraf bo‘ldi.
Iste’dodli dzyudochimiz Alisher Yusupov 13 may kuni 1/2 final bellashuvida Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i ostida kurash olib borgan rossiyalik Inol Tasoyev bilan ro‘baro‘ keldi. Kichik hisobda imkoniyatni boy bergan Alisher bronza medali uchun da’vogarlik qiladigan bo‘ldi. Agar u yarim finalda g‘alaba qozonganida, chempionlik yo‘lida uch karra Olimpiada, o‘n karra jahon chempioni bo‘lgan fransiyalik Teddi Rinerga qarshi bahs yuritish huquqiga ega bo‘lardi.
Alisher uchinchi o‘rin uchun kechgan murakkab kurashda yaponiyalik Kokoro Kageura to‘sig‘ini munosib yengib o‘tib, jahon chempionatida O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaltirishga erishdi.
Xuddi shuningdek, chempionat sovrindorlari qatoridan joy olib, Vatanimiz nomini ulug‘lagan Diyora Keldiyorova, Dilshodbek Barotov va Murodjon Yo‘ldoshevga ham oltin medallar dovonidagi shiddatli bellashuvlarda biroz omad yetishmadi.
Yakkalik bahslar sarhisobiga ko‘ra, umumjamoada Yaponiya, Fransiya, Gruziya, Isroil va Kanada terma jamoalari peshqadamlikka erishgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik dzyudochilar jamoasi 99 ta davlat orasida sakkizinchi o‘rinni egalladi. Chempionatda 21 ta davlat vakillari u yoki bu darajadagi o‘rinlarni olishgan vaziyatda 78 ta mamlakat terma jamoasi bironta ham sovrinli o‘rinni band eta olmadi.
14 may kuni jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati bellashuvlari tashkil etiladi.
Unda Xalqaro dzyudo federatsiyasi reytingida kuchli 20 talikdan joy olgan 18 ta davlat jamoalari jahon chempionligi yo‘lida to‘rtta guruhga bo‘lingan holda kurashadi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi “V” guruhida Niderlandiya, Kuba va Rossiya jamoalari bilan joy olishgan. Terma jamoamiz a’zolari ilk bahsni musobaqada IJF bayrog‘i ostida ishtirok etayotgan Rossiya jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Hamyurtlarimiz rossiyaliklar qarama-qarshiligini yetgib o‘tsa, Niderlandiya–Kuba juftligining omadlisi bilan guruh g‘olibini aniqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha o‘tgan jahon birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida 82 ta davlat orasida uchinchi o‘rinni egallagandi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA