O‘tgan yil sayyoramiz aholisi 8 milliardlik marradan o‘tdi. BMT taxminiga ko‘ra, 2050 yilga borib, Yer yuzida 9,7 milliard kishi yashaydi, 2100 yilga borib esa aholi soni 10 milliarddan oshadi. Binobarin, sayyoramiz aholisi o‘sish darajasi asta-sekin pasaymoqda. Ayrim mintaqalarda, masalan, Yevropada ayni tendensiya allaqachon kuzatila boshlagan.
Ko‘hna qit’a aholishunoslari YeI yirik demografik o‘zgarish arafasida turganini xavotir bilan ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, ittifoqqa kiruvchi mamlakatlar aholisi 2100 yilga kelib 27,3 million kamayadi. Mintaqada tug‘ilish ko‘rsatkichi yildan-yilga pasaymoqda, Buni yangi farazlar asr oxiriga kelib aholi soni sezilarli darajada kamayishiga ishora qilayotgani ham tasdiqlamoqda.
Statistikaga ko‘ra, 2100 yilga kelib mintaqa aholisi 6 foiz kamayishi mumkin.
Umuman, COVID-19 pandemiyasi sabab bo‘lgan ikki yillik quyilashdan so‘ng Yevropa Ittifoqi aholisi ko‘payishi, 2022 yilga kelib, avvalgi holatiga qayta boshlagandi. Joriy yil mintaqa nufusi 451 million kishiga yetgani aytilmoqda. Bu o‘sish ko‘p jihatdan ukrainalik qochqinlar ko‘chishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deyishadi ekspertlar. Mazkur taxmin qit’ada nafaqat tug‘ilish yoki o‘lim ko‘rsatkichi, balki migratsiya haqidagi ma’lumot asosida ham tuzilganini inobatga olish joiz.
Baribir, Yevropa Ittifoqi statistika idorasi so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Ittifoq aholisi o‘sishda davom etadi va 2026 yil 453 million kishiga yetadi. 2100 yilga kelib bu ko‘rsatkich 420 million kishiga tushib qoladi.
Demografik pasayish tahdidi nima?
2100 yil uchun demografik piramida jamiyat qisqarishi va qarishini bashorat qilmoqda. Bu bolalar, 20 yoshgacha va mehnatga layoqatlilar ulushi kamayadi, degani. 65 yoshdan kattalar esa, aksincha, ortib boradi. Ya’ni,
2100 yilga kelib Ittifoq mamlakatlarida 65 yoshdan katta kishilar 32 foizni tashkil qiladi. Afsuski, bu ijobiy holat emas, chunki, odatda, keksalarni ijtimoiy himoyalash mehnat qilish qobiliyatiga ega aholi qatlami zimmasiga tushadi. Holbuki, o‘tgan yil ushbu ko‘rsatkich 21 foiz edi.
Kelgusida demografik piramida bugungi kunga qaraganda ancha yuqori ko‘rinishi faraz qilinyapti. Jamiyatda 20 yoshgacha bo‘lganlarga qaraganda, 80 yoshdan oshganlar ko‘p bo‘ladi.
Yaqinda Xitoy aholisi oltmish yil ichida ilk bor kamaygani haqida maqola e’lon qilindi. Yevropa demograflari ushbu maqoladan keyin mintaqadagi inson resurslariga oid taxminlarini e’lon qila boshladi. Aniqrog‘i, bu borada biroz xavotirli raqamlar yuzaga chiqa boshladi.
Masalan, Milliy statistika byurosi e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil oxirida Xitoy aholisi 1 milliard 411.75 millionni tashkil etgan. Bu ilk bor mamlakat aholisi 850 mingga kamayganini ko‘rsatdi. Ya’ni, o‘lim holati tug‘ilishdan ko‘p. Xitoyda nafaqat tug‘ilish, balki keksayish jarayoni ham tezlashmoqa. Muammo shundaki, mamlakatda demografik vaziyat yomonlashishi ishchi kuchi kamayishi, pensiya tizimi buzilishiga olib kelishi mumkin, deydi ekspertlar.
Umid migrantlardanmi?
Mutaxassislar ta’kidlashicha, 2100 yilgacha Yevropa Ittifoqi aholisi kamayishi kutilayotganiga qaramay, ayrim a’zo mamlakatlar aholisi migratsiya orqali ko‘payishi mumkin. Masalan, Belgiya, Chexiya, Daniya, Irlandiya, Fransiya, Kipr, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Avstriya, Shvetsiya va Islandiyada shunday jarayon kuzatiladi.
Yevropa Ittifoqi aholisi uzoq umr ko‘ryapti. 65 yoshdan katta aholining ulushi barcha a’zo davlatlarda, allaqachon, o‘sib bormoqda. Bu borada Xitoy ancha orqada.
Qit’ada 65 yoshdan katta aholi ulushi ortib boradi. Jamiyatda keksalar ulushi ko‘p mamlakatlar sifatida Italiya (22,5 foiz), Finlandiya (22,7), Gretsiya (22,5), Portugaliya (22,4) va Germaniya (22,4) tilga olinmoqda.
Yana bir fakt: so‘nggi o‘n yilda 65 yoshdan keksa aholi ko‘payishi bilan bog‘liq eng yuqori ko‘rsatkich Finlandiyada kuzatilgan (5,2 foiz), Polsha va Chexiya ikkinchi va uchinchi o‘rinda. Umuman, o‘tgan asr Yevropa Ittifoqi hududida yashash ko‘rsatkichi tez o‘sdi. 1960 yil o‘rtacha umr ko‘rish 69 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil ayni raqam 80 ga tenglashdi.
Mutaxassislar Yevropa Ittifoqidagi bunday o‘zgarishni bir necha omil, jumladan, chaqaloqlar o‘limi kamayishi, turmush darajasi va tarzi ijobiy tomonga o‘zgarishi, ta’lim yaxshilanishi, sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasida yutuqlarga erishilishi bilan izohlaydi. Afsuski, bu ko‘rsatkich COVID-19 pandemiyasi boshlangandan keyin 2019 yildagi 81,3 yoshdan 2020 yilda 80,4 yoshga, 2021 yil 80,1 yoshga tushib qoldi. Faqat Ittifoqqa a’zo to‘rt davlat – Daniya, Estoniya, Finlandiya va Kiprda o‘rtacha umr ko‘rish qisqarishi qayd etilmagan.
Yevroittifoqda qaysi davlatlar aholisi eng yosh?
2021 yil holatiga ko‘ra, 15-64 yoshli mehnatga layoqatli kishilar Yevropa Ittifoqi aholisining 64 foizini, o‘rtacha yosh 44,1 yilni tashkil qilib, 2011 yil bilan taqqoslaganda uch yosh o‘sgan.
2100 yilga kelib Ittifoqda o‘rtacha yosh 48,8 ni ko‘rsatgan. Bu YeI aholisining yarmi 48,8 yoshdan katta, degani.
2021 yil eng quyi o‘rtacha yosh Kiprda qayd etilgan. Orol aholisi o‘rtacha 38 yil umr ko‘rgan. Eng yuqori yosh Italiyada – 47,6 yilni tashkil etgan.
S.Rahimov,
O‘zA