Bugun, 12 may kuni poytaxtimizda boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining yarim final janglari o‘tkaziladi.

Unda 51 kilogrammda Hasanboy Do‘smatov – Martin Molina (Ispaniya),

54 kiloda Oybek Jo‘rayev – Dmitriy Dvali (Rossiya),

57 kiloda Abdumalik Xalokov – Munarbek Seitbek (Qirg‘iziston),

63,5 kiloda Ruslan Abdullayev – Xovanes Bachkov (Armaniston),

67 kiloda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev – Misheyelt Battumur (Mo‘g‘uliston),

71 kiloda Saidjamshid Jafarov – Vanderson De-Oliveyra (Braziliya),

75 kiloda A’loxon Abdullayev – Vanderley Pereyra (Braziliya),

92 kiloda Lazizbek Mullojonov – Muslim Gajimagomedov (Rossiya),

+92 kiloda Bahodir Jalolov – Ayub Gadfa Drissi (Ispaniya) bilan final yo‘llanmasi uchun jang olib boradi.

Ortda qolgan chorak final natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston eng ko‘p bokschi bilan yarim finalga yetib kelgan terma jamoa bo‘ldi.

E’tiborlisi, 9 nafar hamyurtimiz bronza medalini rasmiylashtirdi. Qayd etish joiz bu terma jamoamiz uchun boks bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha yangi rekord hisoblanadi.

Hamyurtlarimizning 9 nafari yarim finalda ishtirok etayotgan bo‘lsa, Kuba va Rossiya 6, Qozog‘iston 5, Fransiya, Gruziya, Hindiston, Ispaniya 3, Armaniston, Ozarbayjon, Braziliya, Mo‘g‘uliston 2, Xitoy, Italiya, Iordaniya, Qirg‘iziston, Meksika, Tojikiston terma jamoalari 1 nafar bokschi bilan medallar uchun kurashni davom ettirmoqda.

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati sarhisobiga binoan, yarim final yo‘llanmalariga ega chiqqan qit’alar kesimidagi holatda Osiyo yaqqol peshqadam. Osiyoning 8 mamlakatidan 23 nafar bokschi yarim finalda, Yevropaning 6 mamlakatidan 19 nafar, Amerikaning 3 ta davlatidan 10 nafar bokschi chempionlik sari odimlamoqda. Bu gal Afrika va Okeaniya mintaqalaridan hech bir bokschi medal qo‘lga kirita olmaydigan bo‘ldi.

Jahon chempionatining medallar soni bo‘yicha yetakchilikka erishgan terma jamoamiz a’zolaridan sifat ko‘rsatkichida ham munosib natijalarni kutib qolamiz.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA