O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvvatlash, ularga zarur imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ularning ta’lim olishlari asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi va maxsus tavsiyanoma asosida ehtiyojmand xotin-qizlarning 1 ming 982 nafari, besh yil mehnat stajiga ega, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarning 507 nafari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi.

Magistratura bosqichida ta’lim olayotgan 12 ming 300 nafar, bakalavr yo‘nalishida o‘qiyotgan kam ta’minlangan ehtiyojmand 2 ming 53 nafar xotin-qizning kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi. 139 mingdan ortiq talaba xotin-qizga 7 yil muddatga foizsiz ta’lim krediti ajratildi.

Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining majlisida shu haqda so‘z yuritildi.

Davlatimiz rahbarining oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan farmon va qarorlarida, shuningdek, 2022–2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturda belgilangan vazifalar ijrosi tahlili ko‘rib chiqildi.

Komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda xotin-qizlar faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rilayotganiga e’tibor qaratildi.

2022 yilda ushbu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 27 normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Buning amaliy natijalari yuqorida qayd etilgan raqamlarda ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga o‘qitish ishlariga ham e’tibor kuchaydi. Natijada 252 mingdan ziyod ayol kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, 623 mingdan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlandi, 193 mingdan ziyod ayolga 3,9 trillion so‘m kredit ajratildi.

3 million 336 mingdan ziyod xotin-qiz birlamchi onkoskrining tekshiruvidan, 1 million 13 mingga yaqin nuroniy onaxon esa chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 645 mingga yaqin xotin-qiz bilan individual dastur asosida ishlandi va muammolarini hal etish choralari ko‘rildi, 12,9 mingga yaqin xotin-qizning uy-joy sharoitlari yaxshilandi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 ming 876 nafar xotin-qiz jami 7,3 milliard so‘mlik reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.

Boshqa davlatlarga chiqib ketgan 121,7 ming xotin-qiz va ularning 25,9 ming voyaga yetmagan farzandining aniq manzilli ro‘yxatlari shakllantirildi. 6 ming 96 bolaga vasiylik va homiylik o‘rnatildi, 11 ming 683 bola nazoratsiz qolishining oldini olish choralari ko‘rildi.

Joriy yilda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonun bilan xotin-qizlarga nisbatan amalga oshirilgan turli tazyiq va zo‘ravonliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Majlisda mazkur qonun birinchi navbatda keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olingani va to‘liq qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.

Xotin-qizlarning davlat organlarida faolligini oshirish dasturi, BMT Xavfsizlik kengashining 1325-sonli “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” va Milliy rejasi tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi.

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va ijroga qaratildi.

Majlisda respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama qilindi. Jumladan,  korxona, tashkilot va muassasalarda gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlarini tuzish taklif etildi.

Mazkur kengash mutaxassislarini o‘qitish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, mehnat joylarida ayollar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish zarurligi qayd etildi. Hududlarning o‘sish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA