O‘zbekiston va Germaniya qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.

“Central Asia” sayti e’lon qilgan maqolada shu mavzu ko‘tarilgan.

Muallif O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga amaliy tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilganini yodga oladi. Jumladan, “Deutsche Sparkassenstiftung für Internationale Kooperation” bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganiga to‘xtaladi.

Qayd etilishicha, hujjat mazkur nemis kompaniyasi qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirish, O‘zbekiston banklarida aylanma kredit mablag‘idan foydalanish tizimini takomillashtirishga ko‘maklashishini nazarda tutadi.

– Yosh fermerlar O‘zbekiston va Germaniya hamkorligi doirasida biznes yuritish asosini o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu tashabbus chet elda amaliyot, turli mavzuda seminar tashkil etishga ham yordam beradi, deyiladi xabarda.


Nigina Safarmatova, O‘zA